Bug‘doy dalalarida olov yoqqan 172 kishi 212 million so‘mdan ziyod jarimaga tortildi

O‘zbekistonda bug‘doydan bo‘shagan dalalarda olov yoqqan 172 nafar fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, qoidabuzarlarga 212,5 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan. Bundan tashqari, ular tabiatga yetkazilgan zarar uchun 652,3 million so‘m tovon to‘laydi.
744 ta dalada yong‘in holati aniqlandi
Qo‘mita bug‘doydan bo‘shagan yerlarni yoqish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga qarshi nazorat kuchaytirilganini bildirdi.
Nazorat tadbirlari hamda kosmik suratlar tahlili natijasida respublika bo‘yicha 744 ta bug‘doydan bo‘shagan yer maydonida yonish holatlari aniqlangan.
Shuningdek, bunday holatlarning oldini olish maqsadida hududiy boshqarmalar tomonidan 7 760 ta fermer xo‘jaligiga dalalarni yoqmaslik yuzasidan ogohlantirish xatlari yuborilgan.
Xazon va ang‘iz yoqqanlarga nisbatan ham choralar ko‘rildi
Reydlar davomida dala va aholi punktlarida ang‘iz, xazon, shox-shabba hamda boshqa o‘simlik qoldiqlarini yoqish bilan bog‘liq 9 821 ta huquqbuzarlik aniqlanib, ularga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Uchta hududda nazorat kuchaytirildi
Qo‘mita tahlillariga ko‘ra, tabiatga zarar yetkazish bilan bog‘liq holatlar eng ko‘p Andijon viloyatida (348 ta), Toshkent viloyatida (127 ta) va Surxondaryo viloyatida (95 ta) qayd etilgan. Shu sababli mazkur hududlarda ekologik nazorat tadbirlari yanada kuchaytirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqandda ekologiya bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlangani haqida yozgandi.