«Buxoro» futbol klubiga 5 mlrd so‘m ajratildi

«Buxoro» futbol klubini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun viloyat budjetidan 5 mlrd so‘m ajratildi. Mablag‘ jamoaning moliyaviy muammolarini bartaraf etishga yo‘naltiriladi.
Ma’lumotga ko‘ra, mablag‘ Buxoro viloyati hokimi va viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Botir Zaripov tashabbusi bilan ajratilgan.
Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi klubni mahalliy budjet hisobidan qo‘llab-quvvatlashni ma’qullaganidan so‘ng 5 mlrd so‘m jamoa hisob raqamiga o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekneftgaz» uchta futbol klubini moliyalashtirishni to‘xtatayotgani xabar qilingandi. Kompaniyaning mazkur qarori natijasida «Nasaf», «Buxoro» va «Bunyodkor» futbol klublari asosiy homiylik mablag‘laridan mahrum bo‘ladi. Ushbu o‘zgarish avvalroq qabul qilingan davlat rahbarining tegishli farmoyishiga asoslanadi.
Hujjatga ko‘ra, davlat korxonalari prezident qarorlari va topshiriqlarida ko‘zda tutilgan holatlardan tashqari boshqa har qanday vaziyatlarda homiylik yordamlari ko‘rsatishni to‘xtatishi belgilangan. Bu orqali davlat korxonalarining faqatgina rasmiy va tasdiqlangan loyihalarga mablag‘ ajratishi nazoratga olinadi.