Issiq kunlarda bog‘chalarga ta’til berish hozircha rejalashtirilmagan — MMTV

Avvalroq O‘zbekiston hududida 13-17-iyul kunlari anomal issiq kuzatilishi haqida xabar e’lon qilingan edi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga ushbu davr mobaynida bog‘chalar qanday faoliyat yuritishi to‘g‘risida izoh berdi.
Unga ko‘ra, ayni paytda faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati 13-iyuldan 18-iyulgacha vaqtincha to‘xtatiladi.
Qolgan hududlardagi muassasalar faoliyat tartibi uchun cheklov hozircha rejalashtirilimagan.
Prognozlarga ko‘ra, eng issiq kunlarda respublikaning katta qismida havo harorati 41–43 darajagacha, shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida esa 44–46 darajagacha ko‘tariladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan anomal issiq sabab Toshkentda suv sepish kuchaytirilgani haqida yozgandi.