
2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati davomida Instagram’da eng ko‘p yangi obunachi to‘plagan futbolchilar reytingi e’lon qilindi. Transfermarkt taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘yxatni Kabo-Verde darvozaboni Vozinya boshqardi.
Vozinya mundial davomida Instagram’dagi auditoriyasini 28,3 mln kishiga oshirgan. Natijada uning obunachilari soni 28,8 mln nafarga yetgan. Bu ko‘rsatkich jahon chempionati ishtirokchilari orasidagi eng yuqori natija bo‘ldi.
Ikkinchi o‘rinni Norvegiya terma jamoasi hujumchisi Erling Holand egalladi. U turnir davomida 23,3 mln yangi obunachi yig‘ib, umumiy auditoriyasini 64 mln nafarga yetkazgan.

Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu 10 mln yangi kuzatuvchi bilan uchinchi o‘rinni band etdi. Uning Instagram’dagi jami obunachilari soni 675 mln nafarga yetgan.
Braziliyalik Neymar mundial vaqtida 7 mln yangi obunachi to‘plagan va umumiy auditoriyasi 512 mln kishini tashkil qilgan. Argentina terma jamoasi yetakchisi Lionel Messi esa 6 mln yangi kuzatuvchiga ega bo‘lib, Instagram’dagi obunachilari sonini 512 mln nafarga yetkazgan.
Meksikalik Mora 5,8 mln yangi obunachi bilan oltinchi o‘rinni egalladi. Uning umumiy auditoriyasi 6,8 mln kishiga yetgan. Braziliyalik Endrik esa 5 mln yangi kuzatuvchi yig‘ib, jami obunachilari sonini 23,6 mln nafarga oshirgan.
Angliya terma jamoasi futbolchisi Jud Bellingem 4,6 mln yangi obunachi bilan sakkizinchi o‘rinni egalladi. Uning Instagram’dagi auditoriyasi 45,7 mln nafarga yetgan. Fransiyalik Kilian Mbappe va Maykl Olise esa mundial davomida 4 mln nafardan yangi kuzatuvchi to‘plagan. Mbappening umumiy obunachilari soni 134 mln, Oliseniki esa 9,3 mln kishini tashkil etgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Akmal Mozgovoyning to‘yi qanday o‘tgani haqida yozgan edi.