«Olovli» haftani talofatlarsiz qanday o‘tkazish mumkin — SSV tavsiyalari

Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini dam olish kunlari va 13–17-iyul kunlari kuzatiladigan kuchli jazirama sabab ehtiyot choralariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.
«O‘zgidromet» prognoziga ko‘ra, ushbu davrda havo harorati 41–43 darajagacha, shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarda esa 44–46 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Kimlar xavf guruhiga kiradi
SSV bo‘lim boshlig‘i Abduqayum To‘xtaqulovning ta’kidlashicha, 65 yoshdan oshgan keksalar, chaqaloqlar va yosh bolalar, homilador ayollar, shuningdek yurak-qon tomir, qandli diabet, buyrak, nafas yo‘llari va boshqa surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar jazirama ta’siriga nisbatan eng zaif qatlam hisoblanadi.
Bundan tashqari, qon bosimi, yurak, siydik haydovchi, allergiyaga qarshi yoki psixotrop dorilarni qabul qilayotgan fuqarolar ham salomatligiga alohida e’tibor qaratishi lozim.
Jaziramada o‘zingizni qanday himoya qilish kerak
Vazirlik tavsiyasiga ko‘ra, issiq kunlarda chanqoqni kutmasdan kun davomida tez-tez suv ichish, yengil va och rangli kiyimlar kiyish, paxta va zig‘ir matolaridan tayyorlangan kiyimlarni tanlash tavsiya etiladi.
Shuningdek, og‘ir va yog‘li taomlar o‘rniga sabzavotlar, mevalar, yengil sho‘rvalar, qatiq, ayron, tvorog, tuxum, tovuq va baliq mahsulotlarini iste’mol qilish maqsadga muvofiq.
Quyosh ostida uzoq qolmang
Mutaxassislar soat 11:00 dan 17:00 gacha ochiq quyosh ostida yurishni cheklashni tavsiya qilmoqda. Zarurat tug‘ilganda bosh kiyim kiyish, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqish, yoningizda suv olib yurish va uni har 15–20 daqiqada oz-ozdan ichib turish kerak.
Bundan tashqari, bolalar, keksalar yoki uy hayvonlarini quyosh ostida qolgan avtomobil ichida yolg‘iz qoldirmaslik zarur. Chunki avtomobil saloni harorati bir necha daqiqada hayot uchun xavfli darajagacha ko‘tarilishi mumkin.
Issiq urishi belgilari kuzatilsa, shifokorga murojaat qiling
SSV jazirama davrida salqin joyda bo‘lish, yetarli miqdorda suyuqlik iste’mol qilish, og‘ir jismoniy mehnatni cheklash va xavf guruhidagi yaqinlarning holidan muntazam xabar olib turishni tavsiya etdi. Issiq urishi yoki sog‘liq yomonlashuvi belgilari paydo bo‘lsa, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilish lozim.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 13–17-iyulda eng issiq hudud qaysi bo‘lishi haqida yozgandi.