O‘zbekistonda maktablar Canva platformasidan uch yil bepul foydalanadi

eʼlon qilindi
Grantning umumiy qiymati $20 millionni tashkil etadi
O‘zbekiston maktablari Canva platformasidan 3 yil bepul foydalanadi
Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

O‘zbekistondagi barcha umumta’lim maktablari uchun Canva for Education platformasidan bepul foydalanish imkoniyati yaratildi. Bu bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya Fransiyadagi O‘zbekiston elchixonasida Canva kompaniyasi bilan grant kelishuvini imzoladi.

Kelishuvga muvofiq, mamlakatdagi 10 mingdan ortiq umumta’lim maktabi uch yil davomida platformadan bepul foydalanadi. Grantning umumiy qiymati $20 millionni tashkil etadi.

Kelishuv TES+4 sammiti doirasida imzolandi

Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

Mazkur hujjat Parijdagi YUNESKO bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan «Ta’lim transformatsiyasi sammiti +4» (TES+4) doirasida imzolandi. Tashabbus O‘zbekistonda ta’limni raqamlashtirish va zamonaviy ta’lim texnologiyalarini keng joriy etishga qaratilgan.

Canva for Education qanday imkoniyatlarni taqdim etadi

Canva for Education — o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan ta’lim platformasi bo‘lib, unda taqdimotlar, infografikalar, dars ishlanmalari va boshqa vizual materiallarni yaratish uchun minglab tayyor shablonlar mavjud.

Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

Platforma sun’iy intellekt asosidagi vositalar yordamida dars materiallarini tez tayyorlash, jamoaviy onlayn ishlash, kreativ fikrlashni rivojlantirish hamda o‘quvchilarning raqamli savodxonligini oshirish imkonini beradi.

Ushbu loyiha o‘qituvchilarning darsga tayyorgarlik jarayonini yengillashtirish, o‘quvchilarning ijodiy va raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni keng tatbiq etishga xizmat qiladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri Jahon banki O‘zbekistondagi boshlang‘ich ta’lim uchun $105 million ajratgani haqida yozgandi.

Shuningdek