O‘zbekistonda yiliga 1 mln tonna po‘lat list ishlab chiqaruvchi majmua ishga tushirildi

eʼlon qilindi
Kelgusi uch yilda $30 mln investitsiya hisobiga po‘lat sharlar ishlab chiqarish liniyalari modernizatsiya qilinadi
O‘zbekistonda yiliga 1 mln tonna po‘lat list ishlab chiqariladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda yiliga 1 mln tonna po‘lat list ishlab chiqarish quvvatiga ega O‘zbekiston metallurgiya kombinatida barpo etilgan yangi Quyuv-prokatlash majmuasi ishga tushirildi. Marosimda Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Yangi quvvat ishga tushirilishi natijasida yiliga 1 mln tonna yoki 8 trln so‘mlik issiq prokatlangan po‘lat list ishlab chiqariladi. Bu Toshkent va Samarqand metallurgiya zavodlarining prokat listlarga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplash imkonini beradi. Loyiha doirasida 1,2 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.

So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonning kon-metallurgiya sohasiga qariyb $2 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilinib, 31 ta yirik ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Tarmoqda faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 150 tadan oshdi.

Shu davrda mahalliy metall mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi yiliga 3 mln tonnaga, qiymati esa 23 trln so‘mga yetdi. Taqqoslash uchun, 2016-yilda mamlakatda 800 ming tonna yoki 1,5 trln so‘mlik metall mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

Qanday ishlar rejalashtirilgan

Foto: Prezident matbuot xizmati

Metallurgiya tarmog‘i avval asosan qurilish sohasi uchun prokat yetkazib bergan bo‘lsa, hozir mashinasozlik, elektrotexnika, mudofaa sanoati va energetika uchun 80 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarmoqda.

Prezident 2030-yilga borib O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotini $240 mlrdga yetkazish, kelgusi besh yilda iqtisodiyotga $180 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilish va $27 mlrdlik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilganini qayd etdi. Shuningdek, 800 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi metall mahsulotlariga talabni hozirgidan 1,5 barobar oshirishi kutilmoqda.

O‘zbekiston metallurgiya kombinatini mahalliy xomashyo bilan ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Mamlakat hududlarida 1,5 mlrd tonna temir rudasi zaxirasi mavjudligi qayd etildi.

Sohadagi investitsiyalar

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yaqin uch-to‘rt yilda «Tebinbuloq» konini o‘zlashtirish orqali yiliga 1 mln tonna po‘lat ishlab chiqarish, «Surun-ota» konidagi ma’danlarni boyitish hisobiga esa 600 ming tonna temir xomashyosi olish rejalashtirilgan. Ushbu xomashyoni qayta ishlash uchun kombinatda qiymati $180 mln bo‘lgan metallurgiya zavodi qurilishi boshlanadi.

Kelgusi uch yilda $30 mln investitsiya hisobiga po‘lat sharlar ishlab chiqarish liniyalari modernizatsiya qilinib, ularning yillik quvvati 250 ming tonnadan 500 ming tonnagacha oshiriladi.

Kombinat hududida «O‘zbekiston ekologik texnologiyalar sanoat parki» ham tashkil etiladi. 2026-yilning o‘zida parkda katta diametrli quvurlar, ko‘tarma kranlar va filtrlash uskunalarini ishlab chiqarishga qaratilgan umumiy qiymati $70 mln bo‘lgan oltita loyiha boshlanadi.

Ularning amalga oshirilishi natijasida yana 660 ta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi. Marosim yakunida Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, Quyuv-prokatlash majmuasi faoliyatiga rasman start berdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri «O‘zmetkombinat» (UZMK) oddiy aksiyalari 36 foizga qimmatlashgani haqida yozgan edi.

Shuningdek