
Samsung kompaniyasi Hindistonda 4-iyul kuni sotuvga chiqarilgan Samsung Galaxy M47 5G smartfonining narxlarini atigi bir hafta ichida oshirdi. Qurilmaning boshlang‘ich narxi 32 999 rupiy yoki qariyb $345 ga yetdi, deya yozmoqda Gizmochina.
Smartfonning 6 GB tezkor va 128 GB ichki xotiraga ega bazaviy versiyasi dastlab qariyb $272 narxda taqdim etilgan, aksiya doirasida esa uning narxi $240 gacha pasaytirilgan edi. Hozirda ayni model Amazon India platformasida qariyb $345 dan sotilmoqda. Bu dastlabki rasmiy narxdan qariyb $73 qimmat.
Hindiston bozorida smartfonlar narxining oshishi so‘nggi bir necha oy davomida kuzatilmoqda. Samsung kompaniyasidan tashqari Nothing, Realme va Xiaomi kompaniyalari ham xotira komponentlari narxi oshgani sabab ayrim mavjud qurilmalarining narxlarini ko‘targan.

Galaxy M47 5G narxining sotuv boshlanganidan ko‘p o‘tmay keskin oshirilishi ishlab chiqaruvchilarning komponentlar xarajatlarini chakana narxlarga tezroq o‘tkazayotganini ko‘rsatadi. Samsung hozircha narxlar nima sababdan aynan bir hafta ichida qayta ko‘rib chiqilganiga rasmiy izoh bermagan.
Model haqida
Samsung Galaxy M47 5G 6,7 dyuymli Super AMOLED displey bilan jihozlangan bo‘lib, ekran 120 Hz yangilanish tezligini qo‘llab-quvvatlaydi. Displeyni tirnalish va zarbalardan Corning Gorilla Glass Victus+ himoya oynasi saqlaydi. Smartfonda Snapdragon 6 turkumiga mansub sakkiz yadroli protsessor, LPDDR5X tezkor xotira va UFS 3.1 ichki xotira qo‘llanilgan. Bu qurilmaning kundalik ilovalar, ko‘p vazifali ishlash va mobil o‘yinlarda barqaror ishlashini ta’minlaydi.
Modelning orqa qismida uchta kameradan iborat modul joylashgan. Qurilma 6000 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega bo‘lib, 45 vattli simli tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Galaxy M47 5G ikki xil — Blaze Blue va Rogue Red ranglarda taqdim etilgan. Samsung smartfon uchun Android operatsion tizimining olti avlod yangilanishi va olti yil davomida xavfsizlik yangilanishlarini taqdim etishni va’da qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy A57 uchun chegirma e’lon qilingani haqida yozgan edi.