Toshkent metrosiga yana 3 ta poyezd olib kelindi

Toshkent metropoliteni harakat tarkibi yana uchta zamonaviy to‘rt vagonli poyezd bilan to‘ldirildi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yangi harakat tarkiblari yo‘lovchilarning ortib borayotgan talab va takliflarini inobatga olgan holda xarid qilingan bo‘lib, ular yaqin kunlarda yo‘nalishlarga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Poyezdlar harakati intervali qisqaradi
Metropoliten ma’lumotiga ko‘ra, yangi poyezdlar foydalanishga topshirilishi poyezdlar qatnovi oralig‘ini qisqartirish, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirish hamda uzoq yillardan buyon foydalanib kelinayotgan eski turdagi harakat tarkiblarini bosqichma-bosqich zamonaviy poyezdlar bilan almashtirish imkonini beradi.

Shuningdek, zamonaviy tarkiblar sonining ko‘payishi metropolitenning tashish quvvatini oshirish, harakat jadvalining barqarorligini ta’minlash va kundan kunga ortib borayotgan yo‘lovchilar oqimiga yanada sifatli xizmat ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Yil oxirigacha yana 11 ta poyezd keltiriladi
Korxona ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil yakuniga qadar poytaxt metrosi uchun yana 11 ta zamonaviy harakat tarkibini olib kelish rejalashtirilgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston temiryo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari doirasida Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan navbatdagi Hyundai Rotem tezyurar yo‘lovchi poyezdi mamlakatga olib kelingani haqida yozgandi.