Yevropadagi jazirama 10 mingdan ziyod ortiqcha o‘limga sabab bo‘ldi

Iyun oyining oxirida G‘arbiy Yevropani qamrab olgan rekord darajadagi jazirama 10 mingdan ortiq insonlarning hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
10 mingdan ortiq ortiqcha o‘lim
EuroMOMO tarmog‘i ma’lumotlariga ko‘ra, 22–28-iyun kunlari Yevropaning 27 davlatida 10 650 ta ortiqcha o‘lim qayd etilgan. Ularning 9 mingdan ortig‘i 65 yosh va undan katta fuqarolar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
O‘limlar sababi jazirama bilan bog‘landi
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, haddan tashqari issiq havo issiq urishi, shuningdek, yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklarini kuchaytirishi mumkin. Ayniqsa, keksa yoshdagilar yuqori harorat ta’siriga eng zaif qatlam hisoblanadi.
Daniyaning Statens Serum Institut bosh shifokori Lasse Vestergaard yilning ushbu davrida bunday darajadagi ortiqcha o‘lim kuzatilishi odatiy hol emasligini aytdi. Uning fikricha, mavjud ko‘rsatkichlarni rekord darajadagi issiq havo bilan izohlash mumkin.

Fransiya va Belgiyadagi ko‘rsatkichlar
EuroMOMO alohida davlatlar bo‘yicha ortiqcha o‘lim statistikasini e’lon qilmaydi. Biroq tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, iyun oyining so‘nggi haftasida Fransiya va Belgiyada o‘lim darajasi juda yuqori bo‘lgan. Belgiyada esa bu ko‘rsatkich 2000-yildan buyon kuzatilgan barcha issiq to‘lqinlari orasida rekord darajaga yetgan.
Angliya va Uelsdagi o‘limlar
May va iyun oylaridagi issiq to‘lqinlari davrida Angliya va Uelsda issiq bilan bog‘liq 2 700 ga yaqin o‘lim qayd etilgan. Ushbu o‘limlarning 42 foizi global isish kuchaytirgan qo‘shimcha issiqlik ta’siri bilan bog‘liq bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda kuchli issiq kuzatilayotgan kunlarda ayrim toifadagi xodimlarga ish kuni davomida qo‘shimcha tanaffuslar berilishi haqida yozgan edik.