
2026–2028-yillarda O‘zbekiston bozorida UzAuto Motors avtomobillarining o‘rtacha narxi $10,8 ming atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Prognoz Fitch Ratings agentligi hisobotida e’lon qilindi.
Agentlik prognoziga ko‘ra, 2026-yilda UzAuto Motors avtomobil savdosini 1,3 foizga oshirib, 400 ming donaga yetkazadi. Narxlar barqaror saqlanib qolishi fonida kompaniya daromadi $4,4 mlrdga, 2029-yilga borib esa $4,7 mlrdga yetishi kutilmoqda.
Shuningdek, Fitch agentligi UzAuto Motorsning uzoq muddatli kredit reytingini «BB-»dan «BB»ga oshirdi va reyting bo‘yicha barqaror prognozni tasdiqladi.
Reytingning oshirilishiga yevrobondlarning muvaffaqiyatli qayta moliyalashtirilgani, likvidlikning yaxshilangani hamda 2026–2029-yillarda ijobiy erkin pul oqimi kutilayotgani sabab bo‘lgan. Xususan, o‘tgan yil kuzida kompaniya 2030-yilda so‘ndiriladigan $350 mlnlik yevrobondlarni joylashtirdi. Jalb qilingan mablag‘lar avvalgi obligatsiyalar emissiyasi va bank kreditlarining bir qismini qoplashga yo‘naltirilgan.
2025-yilgi ko‘rsatkichlar
O‘tgan yili UzAuto Motors qariyb 400 ming dona avtomobil sotib, $4,1 mlrd daromad oldi. Foizlar, soliqlar va boshqa xarajatlar hisobga olinmagan foyda (EBITDA) $355 mlnni tashkil etdi. Bu Fitch kutgan natijadan yuqori bo‘lgan.
Biroq kompaniyaning erkin pul oqimi $52 mln miqdorida manfiy bo‘lgan. Bunga avtomobillarning bir qismi bo‘lib to‘lash asosida sotilgani, xaridorlardan mablag‘lar esa darhol kelib tushmagani sabab bo‘lgan.
Agentlikka ko‘ra, 2026-yildan boshlab vaziyat yaxshilanadi. Kompaniya ilgari ajratilgan avtokreditlar bo‘yicha to‘lovlarni ola boshlaydi hamda xaridorlarni bevosita moliyalashtirish hajmini qisqartiradi.
Shunga qaramay, ichki bozorda taxminan 80 foizlik ulushga ega bo‘lishiga qaramasdan, kompaniya biznesi ko‘lami hali ham cheklangan. UzAuto Motors nisbatan kam turdagi hamyonbop avtomobillar ishlab chiqaradi va savdolarning deyarli barchasi O‘zbekiston ichki bozoriga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Qozog‘iston avtomobil bozorida yetakchilikni qaytargani haqida yozgan edik.