Sport

Abduqodir Husanovni jamoadoshlari qanday qo‘llab-quvvatlagan

Husanovni Holand va Grilish qanday qo‘llab-quvvatlagan
Foto: Alex Pantling – FIFA/FIFA via Getty Images

O‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovning agenti G‘ayrat Hasbiullin futbolchining «Manchester Siti» safida «Chelsi»ga qarshi o‘tkazgan ilk uchrashuvidan keyin jamoadoshlari Husanovni qanday qo‘llab-quvvatlagani haqida gapirdi.

Husanov Angliya klubi tarkibidagi debyutida o‘yinning uchinchi daqiqasida golga sabab bo‘lgan xatoga yo‘l qo‘ygan edi.

«O‘shanda jamoa uni ajoyib tarzda qo‘llab-quvvatladi. Birinchilardan bo‘lib Erling Xoland va Jek Grilish yoniga keldi. Buni birovdan eshitganim yo‘q, chunki ularning gaplarini o‘zim tarjima qilganman», – dedi Hasbiullin.

Jamoadoshlari Husanovni qanday qo‘llab-quvvatlagan / Foto: chelseafc.com

Uning aytishicha, Grilish jamoa oldida Husanovga qarata ta’sirli nutq so‘zlagan.

«Grilish shunday gapirdiki, hatto o‘zim ham yig‘lab yuborayozdim. U: «Sen shunchalik katta ish qildingki, bizda bugungacha jamoa yo‘q edi. Sen esa bugun o‘yin borishini o‘zgartirish uchun barchamizni birlashtirding. Biz anchadan beri bunday jipslashmagan edik», dedi», – deya hikoya qilgan agent.

Hasbiullin o‘sha paytda «Manchester Siti» murakkab davrni boshdan kechirayotgani, jamoada mag‘lubiyatlar va ichki kelishmovchiliklar kuzatilganini ta’kidladi. Husanov esa Angliyaga kelishidan oldin qariyb bir oy davomida rasmiy o‘yinlarda qatnashmagan.

Foto: chelseafc.com

Yangi jamoaga ko‘nikish uchun vaqt kerak

«Tasavvur qiling: siz uzoq vaqt o‘yin amaliyotiga ega emassiz, shanba kuni shartnoma imzolaysiz, dushanba kuni esa «Chelsi»ga qarshi asosiy tarkibda maydonga tushasiz. Jamoa bilan bor-yo‘g‘i bitta mashg‘ulot o‘tkazgansiz, futbolchilarning ismlarini ham, qanday o‘ynash kerakligini ham to‘liq bilmaysiz. Keyin esa o‘yin boshida shunday vaziyat yuz beradi», – degan u.

Foto: Michael Steele/Getty Images

Agent Gvardiola xatoga qaramay Husanovni almashtirmaganini ham alohida qayd etdi. Uning fikricha, murabbiyning bu qarori himoyachining o‘ziga kelishi va uchrashuvni davom ettirishiga yordam bergan.

«Ko‘pchilik o‘sha o‘yinning boshlanishini eslaydi, ammo «Siti» yakunda g‘alaba qozonganini unutib qo‘yadi. Grilish esa anchadan beri birinchi marta vaziyatni o‘nglash uchun jipslashganimiz aynan sen tufayli bo‘ldi, degan edi», – dedi Hasbiullin.

U Husanovning bunday murakkab sharoitda asosiy tarkibga qo‘yilgani dastlab uni qattiq hayratlantirganini ham tan oldi.

«Ochig‘ini aytsam, men juda jahldor edim. «Nega u bunday qildi?» deb o‘yladim. Keyinroq esa bu ehtimol yaxshilikka bo‘lganini tushundim. Balki Abduqodir hozirgi darajasiga yetishi uchun aynan shunday sinovdan o‘tishi kerak bo‘lgandir», – dedi futbolchining agenti.

Avvalroq «Kursiv» Uzbekistan «Siti» klubi Husanovni yana tilga olgani haqida yozgan edi.