Banklar mikroqarz sug‘urtasi bo‘yicha mijozlarga ochiq ma’lumot berishi shart — MB

Markaziy bank banklardan onlayn mikroqarzlar bilan bog‘liq sug‘urta xizmatlari yuzasidan iste’molchilarga to‘liq va tushunarli axborot berishni talab qildi. Bu haqda regulyator rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlar
Ijtimoiy tarmoqlarda onlayn mikroqarzlar ajratish jarayonida sug‘urta mukofoti mijoz hisobidan yoki kredit mablag‘i hisobidan ushlab qolinishi, biroq kredit muddatidan oldin to‘liq so‘ndirilganda sug‘urta shartnomasining foydalanilmagan davri uchun sug‘urta mukofotining tegishli qismi qaytarilmasligi yoki uni qaytarish tartibi yetarlicha sodda va tushunarli emasligi haqida xabarlar tarqaldi.
Banklar qanday ma’lumotlarni e’lon qilishi kerak
Shu munosabat bilan onlayn mikroqarzlar va boshqa chakana kredit mahsulotlari bilan birga sug‘urta mahsulotlarini taklif qilayotgan tijorat banklariga mazkur masala bo‘yicha o‘z pozitsiyasini rasmiy kommunikatsiya kanallarida e’lon qilish tavsiya etildi. Banklar rasmiy veb-sayti, mobil ilovasi, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va boshqa axborot kanallari orqali iste’molchilarga aniq va tushunarli ma’lumot taqdim etishi lozim.

Xususan, onlayn mikroqarz berishda sug‘urta mahsuloti taklif etilishi yoki etilmasligi, u ixtiyoriy yoki majburiy ekani, sug‘urta mukofoti qaysi manba hisobidan to‘lanishi, sug‘urtalovchi tashkilotlar ro‘yxati hamda bankning ushbu jarayondagi maqomi haqida ma’lumot berilishi kerak. Shuningdek, kredit muddatidan oldin to‘liq yopilganda sug‘urta mukofotining foydalanilmagan qismi qaytarilishi yoki qaytarilmasligi, qaytarish tartibi, murojaat qilish usullari, muddatlari va zarur hujjatlar ham batafsil tushuntirilishi lozim.
Kamchiliklar bo‘lsa, ochiq e’lon qilinadi
Markaziy bankning qayd etishicha, agar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holatlar bank amaliyotida kuzatilmagan bo‘lsa, banklar buni asosli ravishda rad etishi va amaldagi tartibni iste’molchilarga sodda tilda tushuntirishi maqsadga muvofiq. Agar ushbu yo‘nalishda kamchiliklar mavjud bo‘lsa, ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar va muddatlar ochiq e’lon qilinishi kerak. Banklar tomonidan e’lon qilinadigan axborot umumiy xabar yoki mavhum raddiya shaklida emas, balki iste’molchi uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan aniq tushuntirishlardan iborat bo‘lishi zarur.
Muddat qachongacha
Tijorat banklaridan mazkur masala yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, e’lon qilingan axborot va mijozlarga berilgan tushuntirishlar haqidagi ma’lumotlarni 2026-yil 16-iyulga qadar Markaziy bankka taqdim etish so‘ralgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank yirik P2P o‘tkazmalarini nazorat qilish g‘oyasi Konstitutsiyaga zid ekanini ma’lum qilgan edi.