Behruz Karimov yana bir ligaga tavsiya qilindi

14-iyul 2026 10:02 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Behruz Karimov yana bir ligaga tavsiya qilindi
Foto: Getty Images

Behruz Karimov Vengriya futboliga ixtisoslashgan skautlik sahifasi tomonidan mamlakatning yuqori divizioni – OTP Bank Liga jamoalari uchun istiqbolli futbolchilardan biri sifatida ko‘rsatildi. Futbolchiga bag‘ishlangan tahlil @scoutednb1 Instagram sahifasida e’lon qilindi.

Muallifning yozishicha, u jahon chempionatida faqat turnir favoritlari emas, balki musobaqada ilk bor qatnashgan terma jamoalar tarkibidagi yosh futbolchilarni ham kuzatgan. Skaut Vengriya chempionati klublarini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan o‘yinchilar orasida 18 yoshli Karimovni alohida ajratib ko‘rsatgan.

Tahlilda o‘zbekistonlik futbolchi, asosan, o‘ng qanot himoyachisi sifatida harakat qilishi, zarurat tug‘ilganda esa markaziy himoyada ham o‘ynay olishi qayd etilgan. Uning asosiy ustunliklari sifatida yuqori tezlik, katta ish hajmini bajarish qobiliyati va maydonning butun o‘ng qanotini nazorat qila olishi ko‘rsatilgan.

Karimov qanday baholanmoqda

Foto: Getty Images

Skaut Karimovning past uzatmalari ko‘pincha raqib darvozasi oldida xavf tug‘dirishini va ushbu jihatda futbolchida katta o‘sish salohiyati borligini ta’kidlagan. Himoyachi jahon chempionatida, avvalo, mudofaadagi harakatlari bilan e’tibor tortgani aytiladi. U Luis Dias va Nunu Mendesh kabi yuqori saviyali futbolchilarga qarshi yakkama-yakka kurashlardan qochmagan.

Keltirilgan statistikaga ko‘ra, Karimov guruh bosqichidagi ikki uchrashuvda 34 ta yerda kechgan yakkakurashda qatnashgan. Shundan 26 tasi Portugaliya terma jamoasiga qarshi o‘yinga to‘g‘ri kelgan. U yakkakurashlarning qariyb yarmini o‘z foydasiga hal qilgan.

To‘p bilan qanday muomala qiladi

Foto: Getty Images

O‘zbekistonlik himoyachi to‘p bilan muomala qilishda ham ishonchli ekani qayd etildi. Tahlilga ko‘ra, u bosim ostida sarosimaga tushmaydi, jamoadoshlari bilan ko‘proq qisqa paslar orqali o‘ynaydi. Jahon chempionati guruh bosqichida Karimov O‘zbekiston futbolchilari orasida eng ko‘p driblingga uringan o‘yinchi bo‘lgan va uning harakatlarining 75 foizi muvaffaqiyatli yakunlangan.

Foto: Getty Images

Shu bilan birga, tahlil muallifi futbolchining rivojlantirishi kerak bo‘lgan jihatlarini ham sanab o‘tgan. Ular orasida paslar aniqligi, hujumni rivojlantirishdagi faollik, tezroq qaror qabul qilish va texnik mahoratni oshirish bor. Ayrim vaziyatlarda noto‘g‘ri pozitsiya tanlashi yoki shoshqaloq harakat qilishi ortidan keraksiz qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yishi ham kamchilik sifatida ko‘rsatilgan.

Avvalroq «Kursiv» Behruz Karimov uchun qanday takliflar borligi haqida yozgan edi.

Shuningdek