Food City’da muz savdosi uchun oshirilgan yig‘im bekor qilindi

Raqobat qo‘mitasi Food City Tashkent hududida muz mahsulotlari savdosi uchun bir kunlik 737 ming so‘mlik yig‘im bekor qilinganini bildirdi. To‘lov tadbirkor murojaati asosida o‘rganilgan.
Food City Tashkent hududida muz mahsulotlari sotuvchi tadbirkor bozor ma’muriyati sun’iy to‘siqlar yaratayotganini bildirgan.
Uning aytishicha, bozor hududiga qadoqlangan va qadoqlanmagan muz olib kirish uchun to‘lov bir necha barobar oshirilib, kuniga 737 ming so‘m etib belgilangan.
Tomonlar kelishuvga erishdi
Raqobat qo‘mitasi holatni o‘rganib, bozor ma’muriyatiga tegishli so‘rov yuborgan.
Muloqotlar yakunida Food City Tashkent va tadbirkor o‘rtasida kelishuvga erishilib, asossiz oshirilgan to‘lov bekor qilingan.
Qonunbuzarlik moliyaviy jarimaga sabab bo‘lishi mumkin
Qo‘mita ustun muzokara kuchiga ega subyektlarni bu imkoniyatni suiiste’mol qilmaslik haqida ogohlantirdi.
Qonunchilikka ko‘ra, bitim shartlari, savdo hududi yoki narxni bir tomonlama belgilash ustun muzokara kuchi deb baholanishi mumkin. Uni suiiste’mol qilish moliyaviy sanksiyalar qo‘llanishiga olib keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi hududiy organlari davlat xaridlari sohasida 17 mlrd so‘mdan ortiq qiymatdagi xaridlar bo‘yicha qonunbuzilish holatlarini aniqlagandi.