Navoiyda ham ayrim davlat bog‘chalari vaqtincha yopiladi

Navoiy viloyatida kuzatilayotgan anomal issiq tufayli ayrim davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qildi.
Joriy hafta davomida viloyatda havo harorati 44–45°C gacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan tuman (shahar) hokimlarining farmoyishlariga asosan ayrim hududlardagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.
Qarorga ko‘ra, Uchquduq va Nurota tumanlaridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 2026-yil 14-iyuldan 17-iyulgacha ishlamaydi. Shuningdek, Tomdi tumanidagi 2, 4 va 5-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ham mazkur muddat davomida faoliyatini to‘xtatadi.
Bundan tashqari, Konimex tumanidagi 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, 10, 11, 13, 14, 15, 16 va 17-son davlat bog‘chalari ham 14 – 17-iyul kunlari yopiladi. Viloyatning boshqa hududlaridagi bog‘chalarda esa sanitariya-gigiyena talablari hamda zarur shart-sharoitlar yuzasidan o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 2026-yil 20-iyul, dushanba kunidan boshlab odatiy tartibda o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi barcha davlat bog‘chalari jazirama sabab 4 kunga yopilgan edi.