O‘zbekiston va Italiya savdo, investitsiya hamda madaniy hamkorlikni kengaytiradi

eʼlon qilindi
Hamkorlik bo‘yicha yangi «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqiladi
O‘zbekiston va Italiya savdo, investitsiya hamda madaniy hamkorlikni kengaytiradi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan Italiyaning Toskana viloyati gubernatori Eujenio Jani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Hamkorlik ko‘rsatkichlari

Muzokaralarda barcha darajalarda ikki tomonlama muloqotlar faollashgani va hamkorlikning asosiy ko‘rsatkichlari izchil o‘sib borayotgani qayd etildi. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi 25 foizga oshgan. O‘zbekistonda metallurgiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati hamda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida Italiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Tarixiy aloqalar va imkoniyatlar

Foto: President.uz

Tomonlar O‘zbekiston va Toskana o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy hamda madaniy aloqalarni alohida ta’kidladi. Buyuk Ipak yo‘li davrida Florensiya bilan O‘zbekistonning qadimiy shaharlari o‘rtasida faol savdo-sotiq yo‘lga qo‘yilgan, florensiyalik savdogar va diplomatlar Amir Temur saroyida qabul qilingan.

Bugungi kunda Toshkent shahrida Piza universitetining filiali faoliyat yuritmoqda va joriy yilda uning ilk bitiruvchilari mehnat bozoriga kirib keladi. Shuningdek, Prato shahrida O‘zbekistonning to‘qimachilik mahsulotlari savdo uyi faoliyat olib bormoqda. 2024-yilda esa Florensiyadagi Uffitsi galereyasida O‘zbekiston avangard san’ati asarlari ko‘rgazmasi tashkil etilgan.

Yangi «Yo‘l xaritasi»

Uchrashuvda Toskana viloyati bilan to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va zargarlik sanoati, qurilish, ta’lim, madaniyat hamda turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etildi. Shuningdek, Toskana va Buxoro viloyati o‘rtasidagi sheriklik aloqalari hamda hamkorlik to‘g‘risidagi bitim yuksak baholandi.

Muzokaralar yakunida Toskana va O‘zbekiston hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi loyiha va tashabbuslarni o‘z ichiga oluvchi qo‘shma «Yo‘l xaritasi»ni tayyorlash va qabul qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident ICESCO bosh direktorini «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlagan edi.

Shuningdek