«Ravshan Zolotoy»ga nisbatan qidiruv nega bekor qilindi — izoh

eʼlon qilindi
Murojaatlar doirasida zarur tergov harakatlari o‘tkazilgan
IIV «Ravshan Zolotoy»ga qidiruv nega bekor qilinganini aytdi
Foto: Facebook

Ichki ishlar vazirligi Ravshan Zolotoy nomi bilan tanilgan Ravshan Muhitdinovga nisbatan xalqaro qidiruv bekor qilinganiga izoh berdi. Bu haqda IIV mutasaddilari ishtirokidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Avvalroq Interpol Ravshan Muhitdinovni xalqaro qidiruvga bergani haqida xabarlar tarqalgan edi. U O‘zbekiston Jinoyat kodeksining mulkni qasddan yo‘q qilish yoki shikastlash, jinoiy uyushma tashkil etish hamda bezorilik bilan bog‘liq moddalari bo‘yicha ayblangan.

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Dilmurod Mirsodiqovning aytishicha, Muhitdinovga nisbatan qidiruv 2021-yilda sodir bo‘lgan holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida e’lon qilingan.

«Haqiqatan, 2021-yilgi holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishli moddalar bilan Ravshan Zolotoyga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Vaqt o‘tgach, javobgarlikka tortish muddati o‘tgani munosabati bilan jinoyat ishining unga taalluqli qismi tugatilgan», — deya qayd etgan Mirsodiqov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, keyinchalik Ravshan Muhitdinov bilan bog‘liq boshqa murojaatlar ham kelib tushgan. Shu sababli tergov va qidiruv tadbirlari yana jadallashtirilgan.

Vakilning ta’kidlashicha, mazkur murojaatlar doirasida zarur tergov harakatlari o‘tkazilgan. Biroq tekshiruv yakunida Muhitdinovga qo‘yilgan boshqa ayblovlar tasdiqlanmagan. Shundan so‘ng unga nisbatan qolgan qidiruv tadbirlari ham bekor qilingan.

Avvalroq «Kursiv» IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga yangi boshliq tayinlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek