Telegram messenjerida global uzilish yuz berdi

Telegram messenjerida kanallar, guruhlar, postlar va foydalanuvchi profillariga havola berish uchun ishlatiladigan t.me qisqa domeni faoliyatida global uzilish kuzatildi. Turli mamlakatlardagi foydalanuvchilar Telegram havolalarini brauzer orqali ochishda muammoga duch keldi.
Muammoga t.me domeniga serverHold maqomi berilgani sabab bo‘lgan. ICANN tushuntirishiga ko‘ra, bunday maqom domen zonasi reyestri operatori tomonidan o‘rnatiladi va domenning DNS tizimida faol bo‘lmay qolishini anglatadi. Oddiy qilib aytganda, domen saqlanib qoladi, ammo uning nomi IP-manzilga aylantirilmaydi va havolalar internetda ochilmaydi.
Cheklov alohida mamlakat yoki internet-provayder darajasida emas, balki Chernogoriyaga tegishli .me domen zonasi reyestrida qo‘llangan. Shu sababli nosozlik muayyan hudud bilan cheklanmay, global tus olgan. Ayrim foydalanuvchilarda havolalar qurilma yoki provayderning eski DNS keshi hisobiga vaqtincha ishlashda davom etgan bo‘lishi mumkin.

Uzilish asosan brauzerda ochiladigan t.me havolalariga ta’sir ko‘rsatdi. Telegram ilovasining o‘zi, xabar almashish funksiyalari va telegram.org rasmiy sayti ishlashda davom etgan. Messenjer ichidagi t.me havolalari ham Telegram tomonidan tanib olingan va ochilgan.
Telegram muammoga vaqtinchalik yechim sifatida muqobil telegram.me domenidan foydalana boshladi. «Kod Durova» ma’lumotiga ko‘ra, ilova orqali post yoki xabar havolasi nusxalanganda t.me o‘rniga telegram.me manzili taqdim etila boshlagan. Masalan, t.me/kanal manzilini telegram.me/kanal ko‘rinishida ochish mumkin bo‘lgan.

Sabablar qanday
serverHold maqomi nima sababdan o‘rnatilgani rasman ochiqlanmadi. Bunday cheklov yuridik nizo, reyestrning ichki tekshiruvi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar so‘rovi, domen qoidalarining buzilishi yoki texnik xatolik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biroq ushbu taxminlarning hech biri Telegram yoki .me zonasi operatori tomonidan tasdiqlanmagan.
Domenning ro‘yxatdan o‘tish muddati tugamagan. WHOIS ma’lumotlarida t.me domeni 2010 yilda ro‘yxatga olingani va uning amal qilish muddati 2035 yil 20 maygacha ekani ko‘rsatilgan. Shuningdek, 14-iyul tongidagi yangilangan ma’lumotlarda serverHold maqomi ko‘rinmay qolgan, t.me manzili esa qayta ochilib, Telegram’ning rasmiy saytiga yo‘naltira boshlagan. Bu domen faoliyati bosqichma-bosqich tiklanayotganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Pavel Durov Parijda olti soat so‘roq qilingani haqida yozgan edi.