15 ming dollarlik ijara va 17 mln so‘mlik «yordam» fosh bo‘ldi

Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatida mansabdor shaxslar bilan bog‘liq $15 minglik ijara va 17 mln so‘mlik «yordam» fosh bo‘ldi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Birinchi holatda Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi mahalliy MChJ vakilidan $15 ming talab qilgani aytilmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mansabdor tanishlari orqali «Toshkent shahar sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi» davlat muassasasi balansidagi yer maydonidan 2026-yilda foydalanish uchun MChJ va o‘zi ishlayotgan boshqarma o‘rtasida ijara shartnomasini rasmiylashtirishni va’da qilgan. Shuningdek, u ijara haqini kamaytirish hamda korxonaning 2025-yildan qolgan qarzdorligini bekor qilib berishni taklif etgan.
DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyati boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bosh mutaxassis so‘ralgan $15 mingni olayotgan vaqtida ushlangan.
Muborakda 17 mln so‘mlik «kelishuv»

Ikkinchi holat Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida aniqlangan. Tuman elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari mahalliy fuqarodan 17 mln so‘m talab qilgani aytilmoqda.
Mansabdor jinoyat ishlari bo‘yicha Muborak tumani sudida elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanish holati yuzasidan ko‘rilayotgan ishda korxona nomidan fuqaroviy da’vogar sifatida qatnashgan. U korxona manfaatlariga yetkazilgan 103 mln so‘mlik zararni tanishlari orqali qayta hisoblatib, 34 mln so‘mgacha kamaytirib berganini bildirgan.
Gumonlanuvchi ushbu «xizmati» evaziga talab qilingan 17 mln so‘mni turmush o‘rtog‘i orqali olayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlangan.
Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Zangiota va Buvaydada korrupsion holatlar fosh etilgani haqida yozgan edi.