200 dollar uchun sarson boʻlishning foydasi yoʻq — Belarusga ishlash uchun borganlar maoshdan norozi

eʼlon qilindi
Ularning so‘zlariga ko‘ra, ishchining qo‘lida taxminan $200 qoladi
Foto: Vedomosti

Belarusga ishlash uchun yuborilgan andijonlik fuqarolar va’da qilingan sharoitlar kutilganidek emasligini aytib, Shuhrat Abdurahmonovga murojaat qildi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, oyiga $500 maosh taklif qilingan, biroq oziq-ovqat va turarjoy xarajatlari ishchilarning o‘z hisobidan qoplanishi kerak.

Fuqarolar xarajatlardan keyin kam pul qolishini aytdi

Murojaat yuborgan fuqarolardan biri oylik maoshning katta qismi yashash xarajatlariga sarflanishini ta’kidladi.

«$500 oylik aytyapti. Yemogʻing oʻzingdan, yotoqni oʻzing toʻlaysan deyapti. $200 dan unga chiqib ketsa, $200 pul qolyapti. Uni Oʻzbekistonda biz undan koʻproq topamiz. Ular aytyapti, ket demayapti-yu, kechgacha hal qilamiz dedi. Shuni hal qilishingizni soʻraymiz», – deydi murojaatchilardan biri.

Muammoni hal qilish yoki ortga qaytarish lozim

Murojaatda ish sharoitlarini qayta ko‘rib chiqish so‘ralgan. Fuqarolar masala hal qilinmasa, ularni O‘zbekistonga qaytarish ma’qul ekanini aytgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, mas’ullar vaziyatni kun oxirigacha hal qilishga va’da bergan.

Belarusga 255 nafar fuqaro yuborilgan

Avvalroq Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Belarusda ishlash istagini bildirgan 255 nafar andijonlik fuqaro Vitebskka yetib borganini ma’lum qilgan edi.

Rasmiy axborotda ular yuqori ish haqi, munosib mehnat sharoitlari va ijtimoiy kafolatlar asosida ish bilan ta’minlanishi bildirilgan.

Lukashenko o‘zbekistonliklarni oilasi bilan taklif qilgan edi

Shuningdek, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda mamlakatda ishchi kuchi yetishmasligini aytib, O‘zbekiston fuqarolarini oilalari bilan birga ishlash uchun Belarusga kelishga chaqirgan edi.

U kelgan fuqarolar tibbiy xizmat va ta’lim imkoniyatlaridan foydalanishi mumkinligini ham ta’kidlagan. O‘zbekiston va Belarus rahbarlari esa mehnat migratsiyasi hamda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishgan.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil holatiga Belarusning nominal (joriy) yalpi ichki mahsuloti (YIM) $102,04 milliardni tashkil etadi. Belarusda aholi jon boshiga YIM 2026-yilda $11,3 mingni tashkil qiladi, bu 2025-yildagi $10,2 mingdan $1,1 mingga oshganini anglatadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagandi. Tomonlar muzokaralar yakunida turli yo‘nalishlardagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar to‘plamini ham qabul qildi. Aleksandr Lukashenko mazkur hujjatni tarixiy qadam deb atadi.

Shuningdek