Binyamin Netanyahu xalqaro qidiruvga beriladi — aybi nima

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Istanbul sudi tomonidan xalqaro qidiruvga berilish arafasida turibdi. Hurriyet Daily News nashrining yozishicha, sud qarori G‘azo sektoriga gumanitar yordam olib ketayotgan Global Sumud flotiliyasining Isroil kuchlari tomonidan to‘xtatilishi yuzasidan ochilgan jinoyat ishi doirasida qabul qilingan.
Prokuraturaning iltimosnomasini Istanbuldagi 11-Og‘ir jinoyatlar sudi qanoatlantirgan. Flotiliya ishtirokchilari orasida Turkiya fuqarolari ham bo‘lgan.
Tergov doirasida Netanyahu va Isroilning boshqa yuqori martabali amaldorlari insoniyatga qarshi jinoyatlar, genotsid, qasddan tan jarohati yetkazish hamda qiynoqlarda ayblanmoqda. Ayblov xulosasida mol-mulkni yo‘q qilish, og‘irlashtiruvchi holatlarda talonchilik, kemalar harakatiga to‘sqinlik qilish, transport vositalarini noqonuniy egallash va odamlarni ozodlikdan mahrum qilish kabi moddalar ham keltirilgan. Ayblovlar sudda hali yakuniy hukm bilan tasdiqlanmagan.
Bu birinchisi emas
Turkiya sudi 2025-yil noyabrida Netanyahu va boshqa isroillik mansabdorlarni hibsga olish uchun orderlar bergan edi. 2026-yil aprelida esa Istanbul prokuraturasi Netanyahu va yana 34 nafar shaxsga nisbatan ayblov xulosasini tayyorlab, ularga og‘irlashtiruvchi holatlarda umrbod qamoq jazosi hamda boshqa epizodlar bo‘yicha qo‘shimcha muddatlar tayinlashni so‘ragan.
Sud qarori Netanyahu Interpol tomonidan allaqachon xalqaro qidiruvga berilganini anglatmaydi. Endi Turkiya tomoni tashkilotga «qizil bildirishnoma» chiqarish bo‘yicha so‘rov yuborishi kerak. Interpol so‘rovni o‘z qoidalariga muvofiq o‘rganib, uni qabul qilish yoki rad etish haqida qaror chiqaradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tramp Netanyahuni Eronga zarba bermaslikka chaqirgani haqida yozgan edi.