Buxoro va Qashqadaryoda ham bog‘chalar uch kunga yopildi

Buxoro viloyatida kutilayotgan kuchli jazirama sabab barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Joriy hafta davomida viloyatda havo harorati 44–45 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi xulosasi asosida 15–17-iyul kunlari Buxoro viloyatidagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.
Bog‘chalar qachondan ish boshlaydi
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘z faoliyatini 20-iyuldan boshlab odatdagi tartibda davom ettiradi.
Qashqadaryoning uch tumanida ham bog‘chalar yopiladi
Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Muborak va Ko‘kdala tumanlaridagi barcha davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati ham 14–18-iyul kunlari vaqtincha to‘xtatilishi aytilmoqda.
Mas’ullar ushbu qaror faqat profilaktik maqsadlarda, jazirama issiqning bolalar salomatligiga salbiy ta’sirini oldini olish uchun qabul qilinganini ta’kidladi. Ota-onalardan farzandlarining sog‘lig‘iga alohida e’tibor qaratish, ularni kunning eng issiq vaqtlarida tashqariga chiqarmaslik va yetarli miqdorda suyuqlik iste’mol qilishini nazorat qilish so‘ralgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Navoiydagi bog‘chalar yopilgani haqida yozgandi.