Jaziramada ish vaqti kimlar uchun cheklanadi — eslatma

eʼlon qilindi
Ish beruvchilarga xodimlarning sog‘lig‘ini himoya qilish uchun mehnat rejimini ob-havo sharoitiga moslashtirish majburiyati yuklatiladi
Jaziramada ish vaqti cheklanishi kerakmi — eslatma
Foto: Ijtimoiy tarmoqlardan olindi

O‘zbekistonda keskin issiq va jazirama kuchayishi kutilayotgani sababli ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlarning ish vaqti cheklanishi mumkin. Bu haqda Mehnat inspeksiyasi ma’lum qildi.

Eslatmada quyosh urishi, suvsizlanish, hushdan ketish hamda yurak-qon tomir kasalliklari xavfining oshishi qayd etilgan. Shu sababli ish beruvchilarga xodimlarning sog‘lig‘ini himoya qilish uchun mehnat rejimini ob-havo sharoitiga moslashtirish majburiyati yuklatiladi.

Xususan, soat 11:00 dan 16:00 gacha ochiq havoda bajariladigan ishlarni qisqartirish yoki vaqtincha to‘xtatish tavsiya etilgan. Kunning eng issiq paytlarida og‘ir jismoniy mehnat bilan bog‘liq vazifalar ham cheklanishi kerak. Zarur hollarda ish vaqtini ertalabki yoki kechki salqinroq soatlarga ko‘chirish maqsadga muvofiq.

Ish beruvchi uchun talablar bor

Infografika: Mehnat inspeksiyasi

Ish beruvchilar xodimlarni yetarli miqdorda toza va salqin ichimlik suvi bilan ta’minlashi, soyali hamda shamollatiladigan dam olish joylarini tashkil qilishi lozim. Bundan tashqari, xodimlarga yengil va havo o‘tkazuvchi kiyimlar, bosh kiyimlar hamda issiqdan himoyalovchi boshqa vositalar berilishi kerak.

Issiq sharoitda ishlaydigan xodimlarning sog‘lig‘ini muntazam nazorat qilish, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va zarurat tug‘ilganda tez yordam ko‘rsatish choralarini oldindan belgilash ham talab etiladi. Ish joyida hushdan ketish yoki sog‘liqning keskin yomonlashuvi kuzatilsa, xodim salqin joyga olib chiqilib, unga birinchi yordam ko‘rsatilishi kerak.

Eslatmada xodimlarga issiq urishi va suvsizlanish belgilarini tushuntirish, ulardan himoyalanish qoidalari bo‘yicha o‘qitish ham muhim ekani ta’kidlangan. Mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etish oddiy tavsiya emas, balki ish beruvchining qonuniy majburiyati ekani qayd etilgan.

Jazirama sharoitida zarur choralarni ko‘rmaslik xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi, ish joyida baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin.

Avvalroq «Kursiv» Senat ish tashlash huquqini mustahkamlovchi qonunni ma’qullagani haqida yozgan edi.

Shuningdek