
Polymarket portali foydalanuvchilari JCh yarim finalida Angliya terma jamoasi Argentina ustidan g‘alaba qozonishini kutmoqda. Foydalanuvchilar Angliya jamoasining g‘alaba qozonish ehtimolini 35 foiz deb baholagan.
Foydalanuvchilarning 32 foizi bo‘lajak uchrashuvda Argentina jamoasi g‘alaba qozonishini kutmoqda, yana 34 foizi esa asosiy vaqtda durang natija qayd etilishini prognoz qilgan.
Uchrashuv qachon va qayerda o‘tkaziladi
Angliya va Argentina terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 16-iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da bo‘lib o‘tadi. Bahs Atlantadagi Mercedes-Benz Stadium stadionida o‘tkaziladi. Avvalroq ushbu AQSh shahrida mundialda debyut qilgan O‘zbekiston futbolchilari joylashgan edi.
Uchrashuvni amerikalik hakamlar brigadasi boshqaradi. Hakamlar guruhiga Ismoil Elfat boshchilik qiladi. Zaxira hakami – italiyalik Mauritsio Mariani.
15-iyul holatiga ko‘ra, FIFA reytingida Angliya terma jamoasi to‘rtinchi, Argentina esa uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Reyting peshqadami – mundialdan Fransiyani chiqarib yuborgan Ispaniya terma jamoasi.
Angliya va Argentina o‘rtasidagi uchrashuvlar tarixi
RBK ma’lumotiga ko‘ra, Angliya va Argentina terma jamoalari ilk bor 1951-yil 9-may kuni o‘zaro maydonga tushgan. Shundan buyon jamoalar 15 marta uchrashgan. Statistikaga ko‘ra, ustunlik Angliya tomonida. Ular oltita g‘alabaga erishgan bo‘lsa, Argentina uchta uchrashuvda zafar quchgan. Yana olti bahs durang bilan yakunlangan.
Shuningdek, ingliz futbolchilari urilgan gollar soni bo‘yicha ham ustunlikka ega – 22 ta golga qarshi Argentina 18 ta gol urgan.
Angliyaning Argentina ustidan eng yirik g‘alabasi 3:1 hisobida qayd etilgan. Inglizlar bunday natijani ikki marta – 1962-yilgi mundialda va 1980-yildagi o‘rtoqlik uchrashuvida qayd etgan.
Argentina esa Angliyani faqat bir marta 3:1 hisobida mag‘lub etgan. Bu 1953-yilda o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida sodir bo‘lgan.
Jahon chempionatlari doirasida Angliya va Argentina besh marta to‘qnash kelgan. Ularning ilk qarama-qarshiligi 1962-yilgi mundial guruh bosqichida bo‘lib, unda Angliya 3:1 hisobida g‘alaba qozongan. Oradan to‘rt yil o‘tib, jamoalar yana chorak finalda uchrashgan. O‘shanda Angliya 1:0 hisobida g‘alaba qozongan va keyinchalik ilk bor jahon chempioniga aylangan.
Futbol tarixidagi eng mashhur uchrashuvlardan biri 1986-yilgi jahon chempionati chorak finalida bo‘lib o‘tgan. O‘shanda Argentina Angliyani 2:1 hisobida mag‘lub etgan. Ikkala golni ham Diego Maradona urgan: birinchisi tarixga «Tangrining qo‘li» nomi bilan kirgan bo‘lsa, ikkinchisi «Asr goli» deb nom olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abbosbek Fayzullayevning narxi ikki baravarga oshishi mumkinligi haqida yozgan edik.