
O‘zbekistonlik markaziy himoyachi Otabek Ahadov faoliyatini Janubiy Koreyaning «Busan IPark» klubida davom ettiradi. Bu haqda O‘FA xabar bermoqda.
K League 2 chempionligi va yuqori divizionga chiqish uchun kurashayotgan klub 21 yoshli futbolchi bilan shartnoma imzolanganini rasman ma’lum qildi. Transfer qiymati hozircha oshkor etilmagan.

Ahadov bungacha Jizzaxning «So‘g‘diyona» jamoasi sharafini himoya qilib kelayotgan edi. «Busan IPark» futbolchining jismoniy tayyorgarligi, havodagi kurashlarda ishonchli harakat qilishi va vaziyatni oldindan baholash qobiliyatini alohida qayd etdi. Klub mutaxassislarining fikricha, o‘ng oyoqda o‘ynaydigan himoyachi yakkama-yakka kurashlardan tashqari, to‘pni himoyadan olib chiqish, oldinga aniq uzatma berish va katta hududni nazorat qilish borasida ham jamoaga yordam bera oladi.
Futbolchi haqida qisqacha

Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, 2004-yil 31-dekabrda tug‘ilgan Otabek Ahadovning bozor qiymati 225 ming yevroni tashkil qiladi. Uning asosiy pozitsiyasi markaziy himoyachi bo‘lib, futbolchi O‘zbekiston U23 terma jamoasi va boshqa yosh toifalaridagi milliy jamoalarda xalqaro tajriba orttirgan.
Ahadov «So‘g‘diyona»ning asosiy tarkibida 2024-yildan muntazam o‘ynay boshladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, u 2024-yilgi Superligada 18 ta, 2025-yilda 23 ta va 2026-yilgi mavsumning transfergacha bo‘lgan qismida 10 ta uchrashuvda qatnashgan. Himoyachi klub safida chempionat doirasida jami 52 ta o‘yin o‘tkazib, bitta gol urgan va 43 uchrashuvni boshlang‘ich tarkibda boshlagan.
Avvalroq «Kursiv» Abbosbek Fayzullayevning raqsi muxlislar tomonidan qanday qabul qilingani haqida yozgan edi.