
O‘zbekistonda Ispaniyaning «Barselona» futbol klubiga qarashli rasmiy xalqaro akademiy — «Barca Academy» loyihasini ishga tushirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda O‘FA xabar bermoqda.
Sport vaziri Adham Ikramov raisligida Kataloniya klubi vakillari bilan Zoom platformasi orqali onlayn uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralarda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov, «Barselona» klubi ijroiya qo‘mitasi a’zosi Sesar Martines hamda Barca Innovation Hub bosh direktori Albert Mundet ishtirok etdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda «Barca Academy»ni tashkil etish, bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish, yosh futbolchilarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash hamda zamonaviy o‘qitish usullarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar akademiyaning faoliyat modeli, «Barselona»ning mashhur «La Masia» metodologiyasiga asoslangan ta’lim tizimi, mahalliy murabbiylar malakasini oshirish va zamonaviy futbol falsafasini tatbiq etish yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, iqtidorli yosh futbolchilarni aniqlash va saralab olish jarayonlarini takomillashtirish masalalariga ham e’tibor qaratilgan.

Muzokaralarda Markaziy Osiyodagi ilk rasmiy «Barca Academy» 2023-yilda Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida faoliyat boshlagani qayd etildi. Ayni paytda Bishkek shahrida ikkinchi akademiyani ochish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda «Barca Academy» loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini birgalikda batafsil o‘rganishga kelishib olgan.
Avvalroq «Kursiv» Abbosbek Fayzullayevning raqsi muxlislar tomonidan qanday qabul qilingani haqida yozgan edi.