Zip-paket, elektron tarozi va 3,2 kg narkotik: besh kishi ushlandi

Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida qariyb 3,2 kg giyohvandlik vositasi noqonuniy muomaladan olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.
Birinchi holatda Bektemir tumani hududida harakatlanayotgan Gentra avtomobili to‘xtatilib, tekshirildi. Mashinada Yashnobod tumanida yashovchi, 1998-yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro bo‘lgan. Avtomobil salonidan bir nechta zip-paketga joylangan och sariq rangli kukunsimon moddalar topilgan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar avvalroq yashirib qo‘ygan xufiya joy hamda ular ijaraga olgan xonadon ham tekshirildi. Ushbu manzillardan kukunsimon moddalar, elektron tarozilar va narkotik vositalarni qadoqlashda foydalaniladigan buyumlar aniqlangan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan moddalar 1,2 kilogramm geroin va 100 gramm mefedron ekani ma’lum bo‘lgan. Ushlangan ikki fuqaro avval ham narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangani qayd etildi.
Xufiya joy va ijaradagi uydagi narkotik moddalar
Ikkinchi holat Shayxontohur tumanida kuzatildi. Tumanda yashovchi, 1982-yilda tug‘ilgan va muqaddam sudlangan fuqaroning xonadonidan 47 gramm gashish hamda 34 gramm opiy topildi. Tergovga qadar tekshiruv davomida uni narkotik moddalar bilan ta’minlab kelgan shaxslar ham aniqlangan.

Olmazor tumanida yashovchi, 1980 va 1985-yillarda tug‘ilgan ikki fuqaro ushlanib, ularning avtomobillari va xonadonlari tintuv qilindi. Natijada jami 1,8 kilogramm gashish va 12 gramm opiy musodara qilindi.
Har ikki holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda narkotik moddalar qayerdan olib kelingani, ularni tarqatish kanallari va ushbu jinoyatlarga aloqador boshqa shaxslarni aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri 15 ming dollarlik ijara va 17 mln so‘mlik «yordam» fosh bo‘lgani haqida yozgan edi.