
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev 2026-yilgi jahon chempionatida Argentina terma jamoasiga muxlislik qilmoqda.
Futbolchi Instagram’dagi sahifasida Argentina va Angliya bahsidan hikoya joyladi. Messi tasvirlangan rasmda futbolchi toj imojisini qo‘ygan.
Avvalroq ham futbolchidan bolaligidan «Barselona» muxlisi ekani hisobga olinib, mundialda Ispaniya yoki Argentinani qo‘llab-quvvatlayotgani so‘ralgan. Fayzullayev bunga: «Argentinaga, Messi uchun», deya javob bergan. Demak, o‘zbekistonlik futbolchining tanlovida Argentina o‘yin uslubidan ko‘ra Lionel Messiga bo‘lgan muxlislik asosiy omil bo‘lgan.

Bu javob Fayzullayevning avvalgi intervyularida bildirgan fikrlariga ham mos keladi. U The Mag nashriga bergan katta intervyusida Lionel Messini bolalikdagi asosiy futbol kumiri deb atagan. Fayzullayevning aytishicha, argentinalik futbolchining o‘yinini ko‘rgach, unga o‘xshashni istagan.
Shuningdek, u Messini futbol tarixidagi eng yaxshi o‘yinchi deb bilishini va bolaligidan «Barselona»ga muxlislik qilishini aytgan.

Nima uchun Messi
Fayzullayev uchun «Barselona»ning eng esda qolarli uchrashuvlaridan biri 2010-yilda «Real» ustidan qozonilgan 5:0 hisobidagi g‘alabadir. U tarixdagi eng chiroyli gollar qatorida Messining «Liverpul» darvozasiga jarima zarbasidan kiritgan to‘pini ham qayd etgan. Shu bilan birga, futbolchi Krishtianu Ronalduning mehnatsevarligi va faoliyatini ham yuqori baholashini yashirmagan.

Jahon chempionati boshlanishidan oldin Sport-Express nashriga bergan intervyusida ham Fayzullayev o‘zini Messi muxlisi deb atagan. Biroq u Ronalduni ham tarixdagi eng yaxshi futbolchilardan biri sifatida e’tirof etib, Portugaliya sardoriga qarshi maydonga tushishni bolalikdagi orzularidan biri deb ta’riflagan.
Qiziq tomoni, Fayzullayev Yevro-2024 vaqtida Ispaniya terma jamoasiga muxlislik qilganini aytgan edi. O‘shanda u Ispaniyaning o‘yin uslubi o‘ziga yoqishini ta’kidlagan. JCh-2026 da esa tanlovini Argentina foydasiga o‘zgartirgan va bunga Lionel Messini sabab qilib ko‘rsatgan.
Avvalroq «Kursiv» Abbosbek Fayzullayev to‘ydan keyin nimalar bilan bandligi haqida yozgan edi.