Farhod Mamatjanov Perfectum’ning 50 foiz ulushini sotib olmoqda

Raqobat qo‘mitasi fuqaro Farhod Mamatjanovning «Rubicon Wireless Communication» MChJdagi 50% ulushni sotib olish bo‘yicha iqtisodiy konsentratsiya bitimiga rozilik berdi. Mazkur kompaniya Perfectum savdo belgisi ostida mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatadi.
Ariza Raqobat qo‘mitasida ko‘rib chiqildi
Qo‘mita Mamatjanovning «Rubicon Wireless Communication» MChJ ulushini sotib olish bo‘yicha arizasini o‘rgandi.
Gap kompaniyaning 50 foiz ulushini olish bilan bog‘liq bitim haqida bormoqda.
Bitim raqobatga salbiy ta’sir qilmaydi
Raqobat qo‘mitasining Maxsus komissiyasi bitim yuzasidan tahlil o‘tkazdi. Tahlil natijasida ushbu bitim tovar bozoridagi raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi haqida xulosa berildi.
Shundan so‘ng arizani qanoatlantirish va iqtisodiy konsentratsiya bitimiga rozilik berish haqida qaror qabul qilindi.
Hozir kompaniya kimlarga tegishli

2026-yil 16-iyul holatiga ko‘ra, «Rubicon Wireless Communication» MChJning ta’sischilari tarkibida «IMC-Capital» MChJ XK 37,5%, Abdumalik Iminov 50% va Kamron Akbarov 12,5% ulushga ega. Kompaniya 1995-yil 24-noyabrda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va simsiz aloqa xizmatlari ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq MobiUz $351 mlnga sotilgandi. G‘olib taklifga muvofiq, MobiUz kompaniyasi $351 mln dollar qiymatda baholandi. Shuningdek, investorlar telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun $500 mlngacha investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.