Noqonuniy qurilish uchun jarimalarning 10 foizi mahallalar budjetiga yo‘naltiriladi

Yangi tashabbuslar hisobiga mahallalar budjetiga tushum 2026-yilda 1,6 trln so‘mga yetishi kutilmoqda. Kelasi yildan bu ko‘rsatkich 2 trln so‘mgacha oshiriladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mahallada qoladigan soliq ulushi oshirildi
Iyun oyidagi prezident farmoniga ko‘ra, mahallada qoladigan yer va mol-mulk solig‘i ulushi 10 foizdan 15 foizga oshirildi.
Shuningdek, sanitariya qoidalarini buzganlik va noqonuniy qurilish uchun jarimalarning 10 foizi mahallalar budjetiga yo‘naltiriladi.
Bo‘sh binolarni sotuvga chiqarishga ruxsat beriladi
Mahallalarga 5 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan bo‘sh binolarni mustaqil sotuvga chiqarish huquqi beriladi.
Bu orqali mahallalar budjetiga qo‘shimcha 405 mlrd so‘m tushishi kutilmoqda.
Noturar obyektlardan tushgan soliqning bir qismi mahallaga qoladi
Endilikda mahalladagi noturar obyektlardan tushadigan yer va mulk solig‘ining 5 foizi ham mahallaning o‘zida qoladi.
Bu hisobidan mahallalar ixtiyorida yiliga yana 400 mlrd so‘m mablag‘ bo‘ladi.
200 ta mahallaga 2 mlrd so‘mdan mukofot beriladi
Yil davomida eng ko‘p tadbirkorlarni ro‘yxatga olgan, eng ko‘p yangi ish o‘rni yaratgan, tushum darajasi yuqori bo‘lgan va eng ko‘p qo‘shimcha soliq bazasi topgan 200 ta mahalla rag‘batlantiriladi.
Ularning har biriga 2 mlrd so‘mdan mukofot beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Institut «yettilik» a’zolarini o‘qitish, mahallalarda uchrayotgan dolzarb muammolar yuzasidan ilmiy yechimlar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.