Mustaqillik shoh ko‘chasida 31-iyulgacha harakat qisman cheklanadi

eʼlon qilindi
2026-yil 16-iyul soat 01:00 dan 31-iyul soat 22:00 gacha
Mustaqillik shoh ko‘chasida 31-iyulgacha harakat qisman cheklanadi
Foto: Videodan olindi

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mustaqillik shoh ko‘chasida ta’mirlangan yo‘lning bir qismi transport qatnovi uchun ochilib, qarama-qarshi yo‘nalishda qurilish ishlari boshlanishi sababli vaqtinchalik cheklovlar joriy etiladi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Ta’mirlangan yo‘l foydalanishga topshiriladi

Toshkent shahar hokimligi ma’lum qilishicha, 2026-yil 16-iyul soat 02:00 dan boshlab Mustaqillik shoh ko‘chasining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi kesishmasidan Oqqo‘rg‘on ko‘chasigacha bo‘lgan qismi barcha transport vositalari harakati uchun ochiladi. Mazkur uchastkada qurilish-ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlangan.

Ikkinchi tomonda qurilish ishlari boshlanadi

Shu bilan birga, ko‘chaning ikkinchi qatnov qismini rekonstruksiya qilish ishlari boshlanishi munosabati bilan 2026-yil 16-iyul soat 01:00 dan 31-iyul soat 22:00 gacha Mustaqillik shoh ko‘chasining Parkent ko‘chasi kesishmasidan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi chorrahasigacha bo‘lgan yo‘nalish transport vositalari harakati uchun vaqtincha yopiladi.

Rekonstruksiya bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda

Avvalgi bosqichda ko‘chaning bir tomonidagi qatnov qismi ta’mirlanib, yo‘l qoplamasi yangilangan. Shuningdek, ko‘cha bo‘ylab muhandislik va yo‘l infratuzilmasini yaxshilash ishlari ham davom ettirilmoqda.

Haydovchilarga tavsiya

Mutasaddilar vaqtinchalik cheklovlar yo‘lni sifatli rekonstruksiya qilish, harakat xavfsizligini oshirish hamda haydovchilar, yo‘lovchilar va piyodalar uchun zamonaviy hamda qulay infratuzilma yaratish maqsadida joriy etilganini bildirdi. Haydovchilarga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklarni inobatga olib, harakat yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirish tavsiya etildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi Aviasozlar ko‘chasining bir qismi 20 kunga yopilishi haqida yozgandi.

Shuningdek