Tomchi–Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar boshlandi

2026-yil 15-iyul kuni Qirg‘izistonning Asman Airlines aviakompaniyasi Tomchi–Toshkent yo‘nalishidagi ilk reysini amalga oshirdi. Bu haqda Uzbekistan Airports ma’lum qildi.
Samolyot Toshkent vaqti bilan soat 11:14 da Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha Toshkentdan Issiqko‘lga amalga oshirilgan ilk reys bilan 68 nafar yo‘lovchi jo‘nab ketdi.
Parvozlar charter asosida Dash 8-400 turidagi havo kemalarida haftasiga bir marta — chorshanba kunlari amalga oshiriladi. Joriy mavsumda Asman Airlines Toshkent–Tomchi yo‘nalishida qatnovlarni yo‘lga qo‘ygan ikkinchi aviakompaniya bo‘ldi.

Aaviakompaniya kuz mavsumiga qadar Toshkent–O‘sh, qishki mavsumda esa Toshkent–Qorako‘l yo‘nalishlari bo‘yicha qatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
Asman Airlines Qirg‘izistonning davlat aviakompaniyasi bo‘lib, «Qirg‘iziston aeroportlari» AJning sho‘ba korxonasi hisoblanadi. Aviakompaniya Dash 8 Q400 turidagi turbovintli havo kemalaridan foydalanadi. Hozirda uning yo‘nalishlar tarmog‘i Qirg‘izistonning asosiy shaharlari, shuningdek, Olmaota va Xo‘jand kabi xalqaro yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Ma’lumot uchun, Toshkentdan Issiqko‘lga mahalliy Centrum Air aviakompaniyasi ham muntazam parvozlarni amalga oshirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Izmir va Toshkent o‘rtasida muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar qilgan edik.