VK, Max va Odnoklassniki ilovalari Google Play’dan olib tashlandi

VK, Max va Odnoklassniki ilovalari Google Play onlayn ilovalar do‘konidan olib tashlandi. Avval o‘rnatilgan ilovalar esa odatdagi tartibda ishlashda davom etmoqda.
VK ijtimoiy tarmog‘i matbuot xizmati ham VK ilovasi hamda Max messenjerining Google Play ilovalar do‘konidan olib tashlanganini tasdiqladi.
Bundan avval Max messenjeri Apple’ning App Store katalogidan ham o‘chirib tashlangan edi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, foydalanuvchilarning qurilmalarida avvaldan o‘rnatilgan ilovalar va servislar hech qanday cheklovlarsiz ishlashda davom etadi.
Endi ilovani qanday yuklash mumkin
VK vakillarining bildirishicha, Android foydalanuvchilari VK va Max ilovalarini RuStore, Huawei AppGallery, Samsung Galaxy Store, Xiaomi GetApps hamda boshqa ilovalar do‘konlari orqali yuklab olishlari mumkin.
Shuningdek, ilovalar uchun yangilanishlar odatdagi tartibda taqdim etilishi, Android qurilmalarida esa xabarlar, voqealar va qo‘ng‘iroqlar bo‘yicha push-bildirishnomalar ishlashda davom etishi ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, holat Yevropa Ittifoqi 13-iyul kuni Rossiyaning VK kompaniyasi hamda Max messenjeri operatori hisoblangan «Kommunikatsion platforma» sho‘ba tuzilmasiga nisbatan sanksiyalar joriy etgani bilan bog‘lanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple kompaniyasi App Store’dan VK ilovalarini olib tashlagan edi.