XDP pulli avtoturargoh uchun jarimaga qarshi chiqdi

eʼlon qilindi
Qonun loyihasi 28-iyulgacha jamoatchilik muhokamasida qoladi
XDP pulli avtoturargoh uchun jarimaga qarshi chiqdi
Foto: Kursiv Uzbekistan / Vadim Yerzikov

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (XDP) Toshkentdagi pulli yo‘l bo‘yi avtoturargohlaridan foydalanganlik uchun haq to‘lamagan haydovchilarga ma’muriy jarima belgilash taklifiga qarshi chiqdi. Bu haqda partiya Telegram kanalida ma’lum qildi.

Partiya bunday munosabatlar fuqarolik-huquqiy tartibda hal qilinishi va tijorat manfaatlarini ta’minlash uchun davlatning ma’muriy majburlov mexanizmidan foydalanilmasligi kerakligini bildirgan.

Toshkent shahar hokimligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni yangi modda bilan to‘ldirishni taklif qilmoqda. Loyiha pulli yo‘l bo‘yi avtoturargohidan foydalanganlik uchun haq to‘lamagan haydovchilarga ikki bazaviy hisoblash miqdori, ya’ni 824 ming so‘m jarima solishni nazarda tutadi.

XDPning ta’kidlashicha, Toshkent shahar hokimligi kodekslarga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonunchilik tashabbusi huquqiga ega emas. Partiya Konstitutsiyaning 98-moddasida bunday huquqqa ega subyektlar aniq belgilanganini qayd etdi.

Hokimlik keltirgan raqamlar xatomi

Partiya pulli avtoturargoh operatori va undan foydalanuvchi o‘rtasidagi munosabatlarni fuqarolik-huquqiy munosabat deb hisoblamoqda. Shu sababli to‘lov amalga oshirilmagan taqdirda operator qarzdorlikni sud orqali undirishga haqli, biroq buning uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilmasligi kerak.

XDP davlatning ma’muriy majburlov tizimidan tijorat tashkiloti daromadlarini ta’minlash uchun foydalanish huquqiy davlat tamoyillariga zid ekanini ham bildirdi. Partiyaga ko‘ra, jarima kabi ma’muriy choralar faqat jamoat va umumiy manfaatlarni himoya qilish maqsadida qo‘llanishi mumkin.

Shuningdek, partiya hokimlik keltirgan pulli avtoturargohlardan foydalanuvchilarning atigi 2–3 foizi to‘lov qilayotgani haqidagi ma’lumotlarning ishonchliligiga shubha bildirgan. XDP hozirgacha pulli avtoturargohlardan qancha mablag‘ tushgani va uning qanchasi davlat budjetiga o‘tkazilgani ochiqlanmaganini eslatdi.

«Xalq demokratik partiyasi ijro hokimiyati idoralarini jazolash va jarima undirish bilan emas, balki aholiga munosib sharoit yaratish bilan shug‘ullanishga chaqiradi», — deyiladi partiya bayonotida.

Qonun loyihasi 28-iyulgacha jamoatchilik muhokamasida qoladi. Uning mualliflari jarima joriy etish zaruratini haydovchilarning to‘lov intizomi pastligi va amaldagi qonunchilikda pulli yo‘l bo‘yi avtoturargohi uchun haq to‘lamaganlik bo‘yicha javobgarlik mavjud emasligi bilan izohlagan.

Avvalroq «Kursiv» pulli avtoturargoh haqini to‘lamaganlar jarimaga tortilishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek