Zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun Qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi

Mahallalarda ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish maqsadida qarovsiz qolgan va zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun esa Qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Ijtimoiy reyestr bo‘yicha nazorat kuchaytiriladi
Mahallalarda ijtimoiy reyestrni yuritishdagi ayrim kamchiliklar tanqid qilinib, ehtiyojmand oilalarning davlat tomonidan kafolatlangan xizmatlardan foydalanishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda ayrim hududlarda fuqarolarni ijtimoiy reyestrga kiritishni asossiz rad etish yoki ularni sun’iy ravishda reyestrdan chiqarish holatlari uchrayotgani qayd etildi. Jumladan, 184 ta mahallada bir oy davomida kelib tushgan 2 mingta arizaning barchasi asossiz rad etilgan.

Bunday holatlar Bo‘ston, Oltinko‘l, Xovos, Toshloq, Sharof Rashidov, Uchquduq va Dehqonobod tumanlarida ko‘proq uchragani qayd etildi. Natijada bu masalada prezidentga kelib tushgan murojaatlar yil boshidan buyon 1,5 barobar oshib, 30 mingdan 46 mingtagacha ko‘paygan.
Bosh prokuraturaga ijtimoiy reyestrning to‘g‘ri yuritilishini qat’iy nazorat qilish, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Sh. Mirziyoyevaga esa reyestrning haqqoniyligi yuzasidan prezidentga muntazam axborot berib borish topshirildi.
Yangi ijtimoiy xizmatlar mahallalarga tushiriladi
Mutasaddilar oldiga yil yakunigacha nogironlikni erta aniqlash, xonadonlarni moslashtirish, ijtimoiy uyga joylashtirish kabi 25 turdagi xizmatlarni mahallalarga olib kirish vazifasi qo‘yildi.
Uch oy ichida demensiya va aqliy zaifligi bo‘lgan shaxslar uchun 250 ta mahallada kunduzgi va uyda parvarish xizmatlari hamda «Madad» uylari tashkil etiladi.
Shuningdek, 75 ta mahallada o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar uchun «Faol hayot» dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Qarovsiz qolgan va zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun esa Qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq eng namunali mahalla va eng orasta xonadon egalariga soliq imtiyozi berilishi haqida yozgan edik.