21-iyuldan O‘zbekistonda havo harorati pasaya boshlaydi

eʼlon qilindi
Toshkent shahrida, asosan, kam bulutli va yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi
21-iyuldan O‘zbekistonda havo harorati pasaya boshlaydi
Foto: Kontent tayyorlash markazi

O‘zbekistonda 17 – 20-iyul kunlari anomal issiq ob-havo saqlanib qoladi. Ayrim hududlarda havo harorati 48 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. «O‘zgidromet» prognoziga ko‘ra, 21-iyuldan boshlab respublika bo‘ylab issiq asta-sekin chekina boshlaydi.

Bugun va dam olish kunlari mamlakatning katta qismida kunduzgi harorat 42–45 darajani tashkil etadi. Janubiy va cho‘l hududlarida esa havo 46–48 darajagacha isishi kutilmoqda.

Shamol tezligi soniyasiga 9–14 metr bo‘ladi. Ayrim joylarda uning tezligi 15–18 metrga, shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida esa 20–22 metrgacha kuchayishi mumkin. Kuchli shamol ayrim hududlarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi ehtimoli bor.

20-iyul kuni respublikaning aksariyat hududlarida ekstremal issiq saqlanib qoladi. Faqat mamlakatning shimoli-g‘arbiy qismida havo harorati pasaya boshlashi kutilmoqda.

21-iyuldan esa salqin havo oqimi butun O‘zbekiston hududiga tarqaladi. Sinoptiklar hisob-kitobiga ko‘ra, harorat o‘rtacha 6–9 darajaga pasayadi.

Toshkent shahrida, asosan, kam bulutli va yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. 17-iyul kuni poytaxtda harorat 41–43 darajagacha, shanba va yakshanba kunlari esa 43–45 darajagacha ko‘tariladi. Kechasi havo harorati 25–28 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» nashri 17-iyul kuni 46 darajagacha jazirama kuzatilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek