Anomal issiqda «Tez yordam»ga 167 mingga yaqin chaqiriq bo‘ldi

So‘nggi to‘rt kunda respublika bo‘yicha «103» xizmatiga jami 166,7 mingta chaqiriq kelib tushdi. Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, jazirama kunlarga qaramay, tez yordamga murojaatlar dinamikasi barqaror saqlangan.
Chaqiriqlar sonida keskin o‘sish kuzatilmagan
Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurovning aytishicha, anomal issiq kuzatilgan kunlarda barcha murojaatlar belgilangan tartibda qabul qilinib, bemorlarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilmoqda.
SSV ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi to‘rt kundagi chaqiriqlar soni undan avvalgi 9 – 12-iyul kunlari bilan solishtirilganda jiddiy oshmagan.
Kimlar issiqdan ko‘proq aziyat chekadi
Mutaxassis jazirama havoda yurak-qon tomir, nafas yo‘llari va qandli diabet kabi surunkali kasalligi bor fuqarolar ehtiyot bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Shuningdek, keksalar, homilador ayollar va bolalar ham issiq havoga nisbatan sezgir guruh hisoblanadi.
SSV aholiga kunning eng issiq vaqtida zaruratsiz tashqariga chiqmaslikni tavsiya qildi. Shuningdek, yetarli miqdorda suv ichish, yog‘li, qovurilgan va juda sho‘r ovqatlarni cheklash, yengil hazm bo‘ladigan taomlar hamda sabzavotli salatlar iste’mol qilish tavsiya etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda qaysi kunlari anomal issiq kutilayotgani xabar qilingandi. 18 – 20-iyul kunlari O‘zbekiston hududiga janubdan juda issiq havo oqimlari kirib kelishi davom etadi. Shu sababli mamlakatning ayrim hududlarida havo harorati 46–48 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.