Issiqxonalar uchun soliq stavkasini 10 baravar oshirish taklif qilinmoqda

eʼlon qilindi
Ushbu issiqxonalarga soliq imtiyozlari ham tatbiq etilmaydi
Issiqxonalar uchun soliq stavkasini 10 baravar oshirish taklif qilinmoqda / Foto: Eastfruit.com

Ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ayrim hududlaridagi issiqxonalarga nisbatan soliq stavkalarini oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi jamoat muhokamasiga qo‘yildi.

Qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilgan. Hujjat Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida issiqxonalarning ekologik ta’sirini kamaytirish, energiya tejamkor va ekologik xavfsiz texnologiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Soliq stavkalarini oshirilishi mumkin

Loyihaga ko‘ra, mazkur hududlarda joylashgan issiqxonalarga nisbatan mol-mulk va yer soliqlari amaldagi stavkalarning 10 baravari miqdorida belgilanishi taklif etilmoqda. Shuningdek, bunday issiqxonalarga soliq imtiyozlari tatbiq etilmasligi nazarda tutilgan.

Bunda isitish qurilmalari (qozonxonalari) demontaj qilingan issiqxonalar hamda elektr isitish tizimidan foydalanadigan issiqxonalar ushbu tartibdan mustasno etilishi rejalashtirilgan. Ular bo‘yicha ma’lumotlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli organ tomonidan taqdim etiladi.

Maqsad ekologik vaziyatni yaxshilash

Qonun loyihasi energiya resurslaridan samarali foydalanishni oshirish, zamonaviy va ekologik barqaror issiqxona infratuzilmasini rivojlantirish hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ayrim hududlarida ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qilishi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq eng namunali mahalla va eng orasta xonadon egalariga soliq imtiyozi berilishi haqida xabar qilgan edik.

Shuningdek