Jazirama, yuklama va nosozlik: poytaxtdagi 8 mingdan ortiq iste’molchi elektrsiz qoldi

Jazirama ortidan elektr tarmoqlariga tushgan yuklama ortib, Toshkent shahri va viloyatining ayrim hududlaridagi 8 mingdan ortiq iste’molchi elektrsiz qoldi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Soat 14:30 holatiga ko‘ra, Toshkent shahri va viloyatidagi ayrim elektr uzatish tarmoqlari hamda podstansiyalarda texnik nosozliklar yuzaga kelgan.
Buning oqibatida Olmazor, Yakkasaroy, Chilonzor, Yunusobod, Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli va Zangiota tumanlaridagi 8250 nafar iste’molchi vaqtincha elektr ta’minotidan uzilgan.
Hozirda maxsus brigadalar tomonidan nosozliklarni bartaraf etish va iste’molchilarning elektr ta’minotini qayta tiklash ishlari olib borilmoqda.
Ta’minotdagi rejali va rejadan tashqari uzilishlar haqida har bir tuman elektr ta’minoti korxonasi va hokimliklarning Telegram guruhlarida muntazam ravishda ma’lumot berib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq anomal issiqda elektr iste’moli keskin oshgani sabab qisqa muddatli cheklovlar joriy etilgani haqida xabar bergan edik.