
Belaruslik futbol mutaxassisi Anatoliy Yurevich Abduqodir Husanovning «Manchester Siti» darajasiga ko‘tarilishida hal qiluvchi rol o‘ynagan ikki fazilatni tilga oldi. Uning fikricha, o‘zbekistonlik himoyachining muvaffaqiyati faqat tezlik, jismoniy kuch va tabiiy iste’dod bilan bog‘liq emas.
Yurevich sport5.by nashriga bergan intervyusida Husanovni 16 yoshidan buyon bilishini aytdi. Mutaxassis futbolchining fe’l-atvori va yangi bilimlarni tez o‘zlashtirish qobiliyatini uning eng kuchli jihatlari sifatida ko‘rsatdi.
«Abduqodir ikki fazilatni juda yuqori darajada rivojlantirgan. Birinchisi uning ichki xarakteri, ikkinchisi esa ajoyib o‘rganish qobiliyati», – degan murabbiy.

Yurevichning ta’kidlashicha, futbolchining salohiyati u to‘p surayotgan chempionat darajasidan ham muhimroq bo‘lishi mumkin. Biroq tabiiy qobiliyatning o‘zi eng yuqori bosqichga chiqish uchun yetarli emas. Iqtidorni natijaga aylantirish uchun kuchli fe’l-atvor, intizom, mehnatsevarlik va murabbiy ko‘rsatmalarini to‘g‘ri qabul qilish zarur.
U yana nimalar dedi
Mutaxassis Husanov berilgan vazifalarni shunchaki tinglash bilan cheklanmaganini, ularning mohiyatini tushunib, amalda to‘liq bajarishga harakat qilganini ta’kidladi. Yurevichning fikricha, aynan shu yondashuv himoyachining qisqa vaqt ichida tez rivojlanishiga yordam bergan.

Murabbiy Belarus futbolida ham iqtidorli yoshlar borligini, biroq ularning ayrimlariga yuqori xalqaro darajaga chiqish uchun zarur motivatsiya va professional munosabat yetishmasligini qayd etdi. Uning aytishicha, ba’zi futbolchilar qanday mashq qilish kerakligini to‘liq anglamaydi, aniq maqsad qo‘ymaydi yoki muvaffaqiyatga erishish uchun yetarlicha mehnat qilmaydi. Husanov esa mashg‘ulot jarayoniga boshidanoq professional sifatida yondashgan.
Yurevich murabbiy va futbolchi o‘rtasida o‘zaro tushunish bo‘lsa, natija albatta kelishini ham ta’kidladi. Murabbiy futbolchiga aniq rivojlanish yo‘lini ko‘rsatishi, o‘yinchi esa vazifalarni ongli, intizomli va to‘liq bajarishi kerak.
Avvalroq «Kursiv» Husanov ilk nikoh kechasidan nega voz kechgani haqida yozgan edi.