Prezident elektr va gaz ta’minotidagi muammolarni hal etishni topshirdi

Shavkat Mirziyoyev kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida elektr va gaz ta’minotidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2026-yilning birinchi yarmida mazkur sohaga oid 39 ming 220 ta murojaat kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 ming 820 taga yoki 26,1 foizga kam.
Murojaatlarning 50 foizi tabiiy va suyultirilgan gaz, 38,3 foizi esa elektr ta’minoti bilan bog‘liq bo‘lgan.
Asosiy muammolar tahlil qilindi
Fuqarolar murojaatlarida asosan suyultirilgan gaz ballonlarini to‘ldirish, elektr ta’minotidagi uzilishlar, elektr tarmoqlarini qurish va ta’mirlash hamda tabiiy gaz bosimi bilan bog‘liq masalalar ko‘tarilgan.
Ta’kidlanishicha, murojaatlar soni kamayganiga qaramay, har bir murojaat hudud, tarmoq yoki xizmatdagi muammolarni ko‘rsatuvchi muhim signal sifatida o‘rganilishi lozim.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik kuchaytiriladi
Yig‘ilishda kuz-qish mavsumi oldidan takroriy murojaatlar kelib tushayotgan mahalla va obyektlarni xatlovdan o‘tkazish, elektr va gaz tarmoqlarining texnik holatini o‘rganish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hududlar kesimida manzilli rejalar ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
Shuningdek, elektr ta’minotida uzilishlar ko‘p kuzatilayotgan hududlarda tarmoq va transformatorlarni ta’mirlash, avariya brigadalarining shayligini oshirish, tabiiy gaz bosimi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish hamda suyultirilgan gaz ballonlarini o‘z vaqtida yetkazib berish zarurligi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyevga madaniyat va sanʼat sohasidagi ustuvor loyihalar taqdimot qilingan edi.