Rossiyada ilk 1 mingta Umo 5 elektromobili chiqarildi

Rossiyada Umo 5 elektr krossoverining dastlabki 1 ming donasi ishlab chiqarildi. Bu haqda avtomobil ishlab chiqaruvchi EVM kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Ilya Rashkin ma’lum qildi.
Kompaniya 2026-yil oxirigacha jami 3 mingta Umo 5 elektromobilini ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Model Moskvadagi «Moskvich» zavodi quvvatlarida yig‘ilmoqda. Avtomobil uchun oldindan buyurtmalar qabul qilinishi boshlangan, dastlabki yetkazib berishlar sentabr oyiga mo‘ljallangan.
Umo 5 elektromobili EVM va Yandeks hamkorligida ishlab chiqilgan. Mashinaga «Alisa» ovozli yordamchisi o‘rnatilgan bo‘lib, u navigator, musiqa va video xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi. Haydovchi ovozli buyruqlar orqali multimedia tizimi, iqlim nazorati, oynalar, yukxona va avtomobilning boshqa funksiyalarini boshqarishi mumkin.

Salon markaziga 14,6 dyuymli sensorli displey joylashtirilgan. Umo 5 C toifasiga mansub elektr krossover bo‘lib, 204 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlangan. Avtomobilning tortish batareyasi sig‘imi 63,2 kVt/soatni tashkil etadi.
Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, elektromobil bir marta quvvatlanganda 420 kilometrgacha masofa bosib o‘tadi. Uning maksimal tezligi soatiga 160 kilometrga teng, avtomobil soatiga 100 kilometr tezlikka 8,5 soniyada chiqadi.
Umo 5’ning boshlang‘ich narxi elektromobil xaridi uchun ajratiladigan davlat subsidiyasi hisobga olinganda 2,59 mln rubl etib belgilangan. Xaridorlarga avtomobillarni topshirish 2026-yil sentabrida boshlanishi kutilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Umo 5 savdosi elektromobilining savdosi qachon boshlanishi haqida yozgan edi.