Tecno Camon 50 Ultra smartfoni sotuvga chiqdi — narx

17-iyul 2026 14:14 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Tecno Camon 50 Ultra smartfoni sotuvga chiqdi — narx
Foto: Tecno

Tecno kompaniyasi Hindiston bozorida Tecno Camon 50 Ultra smartfonini rasman taqdim etdi. Qurilma 21-iyuldan boshlab Amazon India platformasi orqali eksklyuziv tarzda sotuvga chiqariladi, deya xabar berdi GSMArena.

Tecno Camon 50 Ultra Hindistonda 39 999 rupiyga baholangan. Smartfon Nebula Titanium, Cypress Green va Misty Purple ranglarida taklif etiladi. Biroq kompaniya qurilmaning Hindiston uchun mo‘ljallangan versiyasidagi tezkor va ichki xotira hajmini hozircha oshkor qilmagan.

Foto: Tecno

Smartfon MediaTek Dimensity 7400 Ultimate protsessorida ishlaydi. U 2 644 × 1 208 piksel aniqlikdagi 6,78 dyuymli egilgan AMOLED displey bilan jihozlangan. Ekran tasvirni 144 Hz chastotada yangilaydi. Qurilmaga Android 16 asosidagi HiOS 16 operatsion tizimi o‘rnatilgan.

Tecno Camon 50 Ultra uchun uch yil davomida Android operatsion tizimi yangilanishlari va besh yil xavfsizlik yangilanishlari taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Smartfonning asosiy kameralar tizimida bir nechta yuqori aniqlikdagi sensorlar qo‘llanilgan. Old kamera avtofokusga ega 50 megapikselli sensor bilan jihozlangan. Orqa paneldagi asosiy kamera ham 50 megapikselli bo‘lib, optik tasvir barqarorlashtirish tizimini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, 3 karra optik yaqinlashtirish imkoniga ega 50 megapikselli telefoto kamera va 112 darajali ko‘rish burchagiga ega 8 megapikselli ultra keng burchakli sensor mavjud.

Foto: Tecno

Qo‘shimcha imkoniyatlar

Camon 50 Ultra’ning Hindiston versiyasi 6 500 mA/soat sig‘imli batareya bilan ta’minlangan. U 45 vattli tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ayrim boshqa bozorlarda esa model 6 150 mA/soatli batareya bilan sotiladi.

Smartfon ekranga o‘rnatilgan barmoq izi skaneri, Dolby Atmos ovoz tizimi va suv ostida suratga olish funksiyasiga ega. Qurilma IP66, IP68, IP69 va IP69K himoya darajalariga, shuningdek, MIL-STD-810H harbiy chidamlilik sertifikatiga ega.

Mazkur himoya standartlari smartfonning chang, suv, yuqori bosimli suv oqimi va murakkab foydalanish sharoitlariga chidamliligini ko‘rsatadi. Tecno Camon 50 Ultra yuqori yangilanish chastotali ekran, uchta 50 megapikselli kamera va katta sig‘imli batareyani birlashtirgan o‘rta-yuqori segmentdagi model sifatida bozorga chiqarildi.

Avvalroq «Kursiv» Tecno Spark 50 Pro taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek