Toshkent metrosining ish vaqti 2,5 soatga qisqartirildi

Toshkent metropolitenining Yerusti halqa yo‘li yo‘nalishida poyezdlar harakati vaqtincha qisqartirilgan jadval asosida tashkil etiladi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.
Yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash va bekatlarning texnik holatini qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazish munosabati bilan 17–19-iyul kunlari mazkur yo‘nalishdagi poyezdlar soat 06:00 dan 22:30 gacha qatnaydi. Shu tariqa yo‘nalishning kunlik ish vaqti 2,5 soatga qisqartiriladi.
Ushbu davrda Yerusti halqa yo‘lidagi 14 ta bekatning konstruktiv va texnik holati mutaxassislar tomonidan batafsil ko‘zdan kechiriladi. Tekshiruv jarayonida bekatlar infratuzilmasining amaldagi holati, konstruksiyalarning mustahkamligi va belgilangan texnik talablarga muvofiqligi o‘rganiladi.
Metropoliten ma’muriyatining bildirishicha, profilaktik tadbirlar infratuzilmaning ishonchli va barqaror ishlashini ta’minlash, mavjud holatni chuqur tahlil qilish hamda yo‘lovchilar uchun xavfsiz va qulay sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan. Yo‘lovchilardan safarlarini vaqtinchalik jadvalni hisobga olgan holda rejalashtirish so‘raldi.
Avvalroq «Kursiv» «Turon» metro bekatida tom konstruksiyasi qulab tushgani haqida yozgan edi.