Toshkent viloyatida «zapravka»dagi portlash natijasida uch kishi shifoxonaga yotqizildi

Zangiota tumanida joylashgan avtomobillarga propan gaz to‘ldirish shoxobchasida yuz bergan portlash oqibatida uch kishi tan jarohati oldi. Bu haqda FVV xabar berdi.
Hodisa kechki payt sodir bo‘ldi
Unga ko‘ra, 16-iyul kuni soat 22:46 atrofida M-39 avtomobil yo‘li bo‘yida joylashgan propan gaz quyish shoxobchasida propan saqlash sig‘imi hamda gaz tashishga mo‘ljallangan maxsus avtomashinada chaqnash yuz bergan.
Uch kishi jarohat oldi
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida uch nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Jabrlanganlar shifoxonaga yetkazilib, ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Yong‘in o‘chirildi
Voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan qutqaruvchilar yong‘inni qisqa vaqt ichida bartaraf etdi. Hozirda hodisaning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi voqea yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar keyinroq e’lon qilinishini bildirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qarshidagi gaz quyish shoxobchasida portlash yuz bergani haqida yozgandi.