Nyu-York edi «Tutunli albion»: Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari tutuni shaharni qopladi

Kanadadagi yirik o‘rmon yong‘inlari oqibatida yuzaga kelgan quyuq tutun AQShning sharqiy qirg‘oqlarigacha yetib bordi. Nyu-York va boshqa bir qator shaharlarda havo sifati keskin yomonlashdi, mintaqada esa rekord darajadagi issiq kuzatilmoqda, deya xabar berdi RBK nashri.
Toronto dunyodagi eng iflos havoli shaharlardan biriga aylandi

Kanadaning Ontario provinsiyasidagi o‘rmon yong‘inlari sabab Toronto bir muddat dunyoning havosi eng iflos yirik shahri sifatida qayd etildi. Keyinchalik shahar bu ko‘rsatkich bo‘yicha ikkinchi o‘ringa tushdi. Yong‘in tutuni sabab osmon sarg‘ish tusga kirgani kuzatildi.
Nyu-York va boshqa shtatlarda ogohlantirish e’lon qilindi

Tutun AQSh hududiga ham tarqalib, Nyu-York, Michigan, Minnesota va Viskonsin shtatlarida havo sifati bo‘yicha ogohlantirishlar e’lon qilindi. Mutaxassislar aholini imkon qadar uyda qolishga, tashqariga chiqqanda esa niqob taqishga chaqirmoqda.
Ayrim aholi punktlari olov ichida qoldi

Kanadaning shimolidagi Ontario provinsiyasida yong‘in tez tarqalishi oqibatida ayrim aholi punktlari evakuatsiya qilindi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, Kollinz qishlog‘i deyarli butunlay yonib ketgan.
Rekord issiq vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda

Hududda kuzatilayotgan anomal issiq ham vaziyatni murakkablashtirmoqda. Toronto markazida havo harorati +37,3 darajagacha ko‘tarildi. AQSHning Solt-Leyk-Siti shahrida esa harorat +43 darajaga yetib, ko‘p yillik rekord yangilandi.
Sinoptiklar «issiqlik gumbazi» haqida ogohlantirdi

Meteorologlar Shimoliy Amerika ustida «issiqlik gumbazi» shakllanayotganini ma’lum qilmoqda. Ushbu hodisa issiq, nam va tutunli havoni uzoq vaqt ushlab turishi, shuningdek kuchli momaqaldiroq, jala, do‘l va ayrim hududlarda tornado xavfini oshirishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bangladeshda qizamiq qurbonlari soni 779 nafarga yetgani haqida yozgandi.