Bir suratdan mundial finaligacha: Messi va Lamin Yamalning 19 yillik taqdiri haqida — foto

17-iyul 2026 15:01 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Messi va Lamin Yamalning 19 yillik taqdiri haqida
Foto: BBC

JCh – 2026 finalida Argentina va Ispaniya terma jamoalari safida Lionel Messi hamda Lamin Yamal ilk bor bir-biriga qarshi maydonga tushadi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.

Qizig‘i, ularning ilk uchrashuvi bundan qariyb 19 yil avval, Yamal hali besh oylik chaqaloq bo‘lganida sodir bo‘lgan.

Tasodif tarixiy suratga aylandi

Foto: BBC

2007-yilda «Barselona» va UNICEF hamkorligida o‘tkazilgan xayriya aksiyasi doirasida bir guruh chaqaloqlar klub futbolchilari bilan suratga tushirilgan. Tanlov g‘oliblaridan biri bo‘lgan besh oylik Lamin Yamal tasodifan o‘sha paytda 20 yoshda bo‘lgan Lionel Messi bilan juftlikka tushgan.

Foto: BBC

Fotosuratchi Joan Monfort olgan kadrlarda Messi kichkina Yamalni bag‘riga bosib, cho‘miltirayotgani aks etgan.

Surat 17 yildan keyin yana mashhur bo‘ldi

Mazkur suratlar 2024-yilda, Lamin Yamal Ispaniya bilan Yevro chempionligini qo‘lga kiritganidan so‘ng yana ommalashdi. Futbolchining otasi ijtimoiy tarmoqlarda suratni «Ikki afsonaning boshlanishi» degan izoh bilan e’lon qilgan edi.

Foto: BBC

Fotosuratchi Joan Monfort bu voqeani «taqdirning haqiqiy mo‘jizasi» deb atadi.

Ikki avlod vakillari finalda to‘qnash keladi

39 yoshli Lionel Messi faoliyatidagi navbatdagi jahon chempionati finaliga chiqayotgan bo‘lsa, 19 yoshli Lamin Yamal ilk mundial finalida maydonga tushishga tayyorlanmoqda. Messi amaldagi jahon chempioni sifatida ikkinchi bor ketma-ket kubokni qo‘lga kiritishni ko‘zlayotgan bo‘lsa, Yamal Ispaniyaga tarixidagi ikkinchi jahon chempionligini olib kelishga harakat qiladi.

Final 19-iyul kuni bo‘lib o‘tadi

JCh – 2026 hal qiluvchi uchrashuvi 19-iyul kuni AQShdagi New York New Jersey Stadiumda bo‘lib o‘tadi. Futbol muxlislari deyarli yigirma yil avval bitta suratda jam bo‘lgan ikki futbol yulduzining bu safar jahon chempionligi uchun o‘zaro bahsini tomosha qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Messi Ispaniyaga qarshi final odatdagidek o‘yin bo‘lmasligi haqida aytganini yozgandi.

Shuningdek