
Issiq ob-havoda asosiy ichimlik shirin sharbatlar, energetik ichimliklar yoki qahva emas, balki oddiy suv bo‘lishi kerak, deya tavsiya qiladi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST). Bunday ob-havoda organizm terlash orqali ko‘p suyuqlik yo‘qotadi, shu sababli muntazam ravishda suv ichib turish zarur hisoblanadi.
Bu tavsiya ayniqsa O‘zbekiston uchun dolzarb. Chunki 2026-yil iyul oyida havo harorati iqlim me’yoridan 1,5–3 darajaga yuqori bo‘lmoqda. Ob-havo asosan quruq bo‘ladi, aholiga esa quyoshning to‘g‘ridan to‘g‘ri nurlari ostida kamroq bo‘lish tavsiya etiladi.
Chillada birinchi navbatda nima ichish lozim

Eng yaxshi tanlov — oddiy gazsiz suv. Chunki u tarkibida shakar, kofein va ortiqcha kaloriya saqlamaydi, organizm yo‘qotgan suyuqlikni tez to‘ldiradi, kun davomida muntazam iste’mol qilish uchun ham mos keladi.
JSST tavsiyasiga ko‘ra, sog‘lom katta yoshdagilar issiq ob-havoda kuniga taxminan 2–3 litr, har soatda bir stakandan suv iste’mol qilishga e’tibor qaratishi kerak. Biroq bu hamma uchun qat’iy me’yor emas: suyuqlikka bo‘lgan ehtiyoj tana vazni, jismoniy faollik, ovqatlanish, tashqarida o‘tkazilgan vaqt va sog‘liq holatiga qarab farq qilishi mumkin.
Shu bilan birga, yurak yoki buyrak kasalligi bo‘lgan, shuningdek, shifokor suv iste’molini cheklagan odamlarga mustaqil ravishda kuniga 2–3 litr suv ichish tavsiya etilmaydi. Ular mutaxassisning individual ko‘rsatmalariga amal qilishi lozim.
Ichimlik muzdek bo‘lishi kerakmi

Tetiklik hissini berish uchun salqin suv yetarli, unga ataylab ko‘p miqdorda muz qo‘shish shart emas. Juda sovuq ichimlik ayrim odamlarda tomoq yoki oshqozonda noqulaylik keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli JSST muzdek suvni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilmaslikka chaqiradi.
Oddiy suv ichish zerikarli bo‘lmasligi uchun idishga limon, bodring, yalpiz, rayhon, olma yoki bir necha dona rezavor mevalar solish mumkin. Bunday ichimlik yengil ta’mga ega bo‘ladi, ammo shirin limonadga aylanib qolmaydi.
Ko‘k choy — o‘zbekistonliklar uchun an’anaviy tanlov

Choy ham organizm qabul qiladigan umumiy suyuqlik hajmini to‘ldiradi. Keng tarqalgan fikrdan farqli o‘laroq, me’yorida ichilgan choy yoki qahva organizmga kirgan suvni «zararlamaydi»: kofeinning siydik haydovchi ta’siri odatiy miqdordagi iste’molda unchalik kuchli bo‘lmaydi.
Yoz chillasi davrida shakarsiz damlangan yengil ko‘k, qora yoki giyohli choylar ma’qulroq. Uni sovitib, yalpiz, limon yoki rayhon qo‘shish ham mumkin. Bunday ichimliklar o‘zbekistonliklar uchun an’anaga aylanib ulgurgan bo‘lib, ichimlik ratsionini boyitishga yordam beradi.
Biroq ketma-ket bir necha piyola quyuq choy oddiy suvning o‘rnini bosa olmaydi. JSST issiq havoda, ayniqsa bezovtalikka moyil yoki kofeinli ichimliklarni yoqtirmaydigan odamlarga kofeinni ortiqcha iste’mol qilmaslikni tavsiya qiladi.
Qadoqlangan sharbat o‘rniga shakarsiz kompot

Yoz oylarida O‘zbekistonda o‘rik, olma, olcha, olxo‘ri, shaftoli va boshqa mevalar g‘arq pishadi. Tabiiyki, ulardan yengil kompot tayyorlash ayni muddao bo‘ladi. Issiq kunlar uchun shakarsiz yoki juda kam shakar qo‘shilgan kompot eng yaxshi variant hisoblanadi.
Qadoqlangan sharbat chanqoqni qondirish uchun unchalik mos ichimlik emas. Hatto 100 foizlik sharbat ham ko‘p miqdorda shakar saqlaydi, nektarlar va sharbatli ichimliklarga esa odatda qo‘shimcha shakar qo‘shiladi. Bu esa JSST tavsiyalariga mutlaqo zid.
Uy sharoitida tayyorlangan mors ham yozgi chanqoqbosdi ichimliklar menyusidan joy ola oladi, agar u shakarli siropga aylantirilmasa. Buning uchun oz miqdorda rezavor mevalar, suv va minimal miqdorda shakar ishlatish kifoya.
Ayron — ham ichimlik, ham yengil ovqat

Ayron va suyultirilgan qatiq issiq kunlarda, ayniqsa sayr yoki jismoniy mehnatdan keyin yengil ketadi. Ular bir vaqtning o‘zida ham ichimlik, ham yengil ovqat sifatida qabul qilinadi, shu sababli kishini tetiklashtiradi va qisqa muddatga ochlik hissini kamaytiradi.
Biroq ular suvning o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. Ayron tarkibida odatda tuz, sut oqsili va kaloriya mavjud. Kuniga bir-ikki stakan iste’mol qilish mumkin, ammo kun davomida uni litrlab ichish xato.
Qon bosimi yuqori bo‘lgan, buyrak kasalliklari bor yoki tuz iste’molini cheklashi kerak bo‘lgan odamlar ichimlik tarkibini hisobga olishlari zarur.
Elektrolitli ichimliklar qachon kerak bo‘ladi

Kunini uyda yoki ofisda o‘tkazadigan aksariyat odamlar uchun oddiy suv va odatiy ovqatlanishning o‘zi yetarli. Zarur tuzlarni organizm oziq-ovqatdan oladi, shu sababli har kuni izotonik ichimliklar xarid qilishning hojati yo‘q.
Biroq uzoq vaqt ochiq havoda ishlaydigan, sport bilan shug‘ullanadigan yoki bir necha soat davomida ko‘p terlaydigan odamlar bundan mustasno. Bunday paytda organizm suv bilan birga elektrolitlarni ham yo‘qotadi va ularning muvozanatli miqdorini saqlagan ichimlik oddiy suvga qaraganda foydaliroq hisoblanadi.
Bu har qanday sport ichimligi mos degani emas. Ayrim izotoniklar tarkibida ko‘p shakar bo‘ladi. Shu sababli tanlashda yorliqdagi «energiya zaryadi» yozuviga emas, tarkibiga e’tibor berish kerak.
Nima uchun shirin ichimliklar chanqoqni bosmaydi

Shirin ichimlik dastlab yoqimli ta’m hissini beradi, biroq keyinchalik chanqoqni kuchaytiradi. Bundan tashqari, limonad, shirin choy va qadoqlangan sharbatlarni muntazam iste’mol qilish organizmga tushadigan shakar miqdorini sezilarli oshiradi.
JSST shakar qo‘shilgan ichimliklarni tez-tez iste’mol qilish semizlik, ikkinchi tur diabet va tish muammolari xavfini oshirishi bilan bog‘liqligini ta’kidlaydi. Shu sababli issiq havoda bunday ichimliklar suvning o‘rnini bosuvchi sifatida emas, qo‘shimcha ichimlik sifatida iste’mol qilinishi zarur.
Energetik ichimliklar esa muntazam iste’mol qilish uchun mutlaqo mos kelmaydi. Ular tarkibida shakar bilan bir qatorda kofein va boshqa rag‘batlantiruvchi moddalar ham mavjud. AQSh Mehnatni muhofaza qilish milliy instituti issiq sharoitda ishlash vaqtida tarkibida ko‘p kofein va shakar bo‘lgan ichimliklardan voz kechishni tavsiya qiladi.
Spirtli ichimliklar ham chillani yengil o‘tkazishga yordam bermaydi. Ular organizmning suyuqlik yo‘qotishini kuchaytirishi va insonning qizib ketishni vaqtida sezish qobiliyatini pasaytirishi mumkin. JSST issiq kunlarda kuchli spirtli ichimliklardan voz kechishga chaqiradi.
Kun davomida ichimlik rejimini qanday tashkil qilish kerak

Tongni bir stakan suv bilan boshlash mumkin, ayniqsa oldinda yo‘l yoki ochiq havoda ish kutib turgan bo‘lsa. Nonushta vaqtida esa choy ichgan ma’qulroq.
Ish soatlari davomida suvni muntazam ravishda oz-ozdan ichib turish, kechqurun birdaniga katta hajmda ichishdan ko‘ra foydaliroq. Konditsionerli xonada ishlaydigan odamga, odatda, quruvchi, kuryer, bozordagi sotuvchi yoki sovitish tizimisiz avtomobil boshqarayotgan haydovchiga qaraganda kamroq suyuqlik kerak bo‘ladi.
AQSh Mehnatni muhofaza qilish milliy instituti tavsiyasiga ko‘ra, issiq havoda ikki soatgacha davom etadigan o‘rtacha jismoniy mehnat vaqtida har 15–20 daqiqada taxminan bir stakan suv ichish tavsiya etiladi.
Tushlik vaqtida chalop yoki ayron ichish mumkin. Ishdan keyin esa shakarsiz kompot, yaxna choy yoki yalpiz qo‘shilgan suv yaxshi tanlov bo‘la oladi.
Kimlar ichimlik rejimiga alohida e’tibor berishi zarur

Bolalar va keksalar suvsizlanishga tezroq duch keladi va har doim ham chanqaganini vaqtida ayta olmaydi. Shu sababli ularga suvni muntazam taklif qilish, o‘zlari so‘rashini kutmaslik kerak. Uzoq vaqt tashqarida bo‘ladigan odamlar, homilador va emizikli ayollar ham alohida e’tibor talab qiladi.
Bolaga doimiy ravishda suv o‘rniga shirin sharbat berish xato bo‘ladi. Keksalarning esa yoniga kichik shisha yoki stakan qo‘yib, kun davomida suv ichishlari lozimligini eslatib turish foydali bo‘ladi.
Og‘iz qurishi, kuchli chanqoq, bosh og‘rig‘i, holsizlik, bosh aylanishi va siydikning to‘q rangga kirishi organizmda suyuqlik yetishmayotganidan dalolat berishi mumkin. Bunday holatda salqin joyga o‘tish, dam olish va asta-sekin suv ichish zarur.
Agar dam olish va salqinlagandan keyin 30 daqiqa ichida ahvol yaxshilanmasa, aqliy chalkashish, tirishish, harakatlarning nomuvofiqligi yoki hushdan ketish kuzatilsa, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilish kerak. Ter ajralmayotgan issiq teri ham issiq urishining belgisi bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda cho‘milish uchun eng yaxshi akvaparklar va basseynlar haqida batafsil ma’lumot bergan edik.