41 ta raketa va 125 ta dron: Rossiya Kiyevga hujum uyushtirdi — video

eʼlon qilindi
Kiyevning bir nechta tumanida yong‘inlar yuz berdi
Rossiya Kiyevga yirik raketa va dron hujumini uyushtirdi — video
Foto: Telegram

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, tunda Kiyev bir nechta tumaniga raketa va dronlar bilan hujum qilingan. Favqulodda xizmatlar hujum oqibatlarini bartaraf etmoqda, kamida ikki kishi jabrlangani ma’lum qilindi.

Kiyevning bir nechta tumanida yong‘inlar yuz berdi

Dnepr tumanida savdo markazi yaqinida tutun chiqqani, shuningdek, dron yoki raketa parchalarining qulashi oqibatida yotoqxonada yong‘in yuz bergani xabar qilindi.

Desnyan tumanida noturar hududga zarba berilgani va avtomobillar yonib ketgani qayd etildi. Solomyansk tumanida esa supermarket binosi va uning yonidagi turar joyda yong‘in chiqqan. Yana bir manzilda turar joy oynalari shikastlangan, ikkinchi qavatdan bir kishi qutqarilgan.

Shevchenko tumanida ma’muriy bino yonidagi uch qavatli qo‘shimcha imorat yonib ketgan. O‘ndan ortiq mashina shikastlangan, yaqin atrofdagi turar joy oynalari singan.

Hujumda raketa va dronlar qo‘llangani aytildi

Ukraina Harbiy-havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, tunda Rossiya 41 ta raketa va 125 ta uchuvchisiz qurilma uchirgan. Asosiy zarba yo‘nalishi Kiyev bo‘lgan.

Qayd etilishicha, havo hujumidan mudofaa kuchlari 18 ta raketa va 108 ta dronni zararsizlantirgan. Shu bilan birga, 20 ta joyda 23 ta raketa va 10 ta zarbdor dron kelib tushgani qayd etilgan.

Poyezdga ham zarba berilgani xabar qilindi

Ukraina tomoni Zaporijjya viloyatida yo‘lovchi poyezdiga dron bilan zarba berilganini bildirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lovchilar oldindan evakuatsiya qilingan, qurbonlar yo‘q.

Yo‘lovchilar Zaporijjyaga avtobuslar orqali yetkazilishi ma’lum qilindi.

Rossiya lokomotivga zarba berganini bildirdi

Rossiya Mudofaa vazirligi esa Zaporijjya viloyatida Ukraina armiyasining harbiy texnikasini tashishda ishlatilgan temiryo‘l lokomotiviga zarba berilganini ma’lum qildi.

Vazirlik bayonotiga ko‘ra, zarba Volnyansk aholi punkti yaqinidagi temiryo‘l infratuzilmasiga «Geran-4» droni yordamida berilgan.

Shuningdek, Rossiyaning Stavropol o‘lkasidagi Mixaylovsk aholi punktida neft bazasiga hujum qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hududda bir nechta yong‘in o‘chog‘i yuzaga kelgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyadagi o‘zbekistonliklar yong‘inlar sabab ogohlantirilgandi. Xavfli hududlarda bo‘lgan fuqarolardan xavfsiz joyga ko‘chish va qutqaruv xizmatlari ko‘rsatmalariga amal qilish so‘raldi.

Shuningdek